Unda viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasining 16 ta tumanidan targʻibotchi yoshlar ishtirok qilmoqda. Mehmonlar Ellikqalʼa tumani markazida joylashgan tuman madaniyat saroyi binosi oldida tantanali ravishda kutib olindi

Asosan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil qilingan mazkur aksiya doirasidagi oʻquv seminarlari 6 ta loyiha asosida amalga oshirilmoqda.

Kecha oʻtkazilgan tadbirda “Yoshlarning siyosiy bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish” aksiyasi doirasida Yoshsaylovchi.uz elektron platformasi taqdimoti oʻtkazildi, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini rivojlantirishga qaratilgan yutuqli viktorinalar tashkil etildi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” loyihasining taqdimoti, “Saylov – 2021: Kelajak xalq tanloviga bogʻliq!” mavzusida maqolalar hamda “Oʻz kelajagimni oʻzim belgilayman-Sizchi?” shiori ostida insholar tanlovlarining taqdimoti oʻtkazildi. Shu bilan bir qatorda, “Munozara” intellektual bellashuvi, #Kelajaging_uchun_ovoz_ber, #Saylov_Imkoniyat_va_maʻsuliyat, #Men_saylash_huquqiga_egaman xeshteglari ostida ijtimoiy targʻibot aksiyasi yuzasidan foto burchak tashkil etildi.

Tadbirlarda Ellikqalʼa tumanida oʻzgacha bir bayram shukuhi davom etmoqda. Kunning ikkinchi yarmida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri oʻtkazilmoqda.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri