Unda qayd etilishicha, soʻnggi vaqtlarda butun dunyoda yanada keng tarqalayotgan koronavirus infeksiyasining navbatdagi toʻlqini yurtimizni ham chetlab oʻtmadi. Kasallikning “omikron” shtammi mamlakatimizda ham aniqlandi.
“Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti xulosasiga koʻra, emlash koronavirus kasalligini oldini olishning yagona yoʻlidir. Jumladan, COVID-19ning turli shtammlari, xususan, tez tarqaluvchi «omikron”ga qarshi kurashda ham mavjud vaksinalar ijobiy natija bermoqda. Tahlillar vaksinatsiya darajasi yuqori boʻlgan davlatlarda ushbu shtamm tufayli kasallanish darajasi past va yengil oʻtayotganini koʻrsatdi.
Pandemiyaning aholi turmush darajasi va mamlakat iqtisodiga salbiy taʼsirini oldini olish hamda rivojlangan davlatlar tajribasiga tayanib yurtimizda ommaviy emlashga alohida eʼtibor berilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining 2021-yil 17-iyuldagi 11-son qarorida 18 yoshdan katta aholi qatlamini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 113-moddasiga koʻra, xodim emlanishni rad etsa, ish beruvchi uni ishga qoʻymaslikka haqli.
Shularga koʻra, Sizdan xodimlaringizning 2022-yil 20-yanvarga qadar koronavirusga qarshi emlanishini taʼminlashingizni hamda sababsiz emlanmaganlarni ishga qoʻymaslik choralarini koʻrishingizni soʻraymiz.
Maʼlumot uchun:
- emlashga qarshi tibbiy koʻrsatmalari bor fuqarolar bundan mustasno. Tibbiy cheklovlar roʻyxati Sogʻliqni saqlash vazirligining internetdagi resurslarida mavjud.
- 20 nafardan ortiq emlanuvchisi bor tashkilotlarga esa sayyor emlash brigadasini jalb etish imkoniyati ham yaratilgan.
- Eng muhimi, emlash bepul amalga oshiriladi
2022-yilning yanvar, fevral va mart oylarida emlanganlik sertifikatini olgan fuqarolar oʻrtasida qimmatbaho yutuqli oʻyin (bosh sovrin — avtomobil) tashkil etiladi.
Emlash masalalari boʻyicha murojaat uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining telefon raqami: 78-888-01-01», deyiladi murojaatnomada.