Ammo afsuski, bugungi kunda koʻpgina bolalar ota-onasining yonida boʻlsa-da, aslida ularning koʻnglidan va mehridan uzoqda ulgʻaymoqda.
Turmush tashvishlari, roʻzgʻor yumushlari, ish joyining talablari va kundalik chalgʻituvchi omillar sababli bolalarning tarbiyasi koʻp hollarda enaga va murabbiylarga yuklanmoqda. Lekin biz ongli ravishda anglay olamizki hech qaysi joy bolaga onaning quchogʻi beradigan baxtni hadya eta olmaydi. Ona beradigan mehrni hech kim bera olmaydi.
Bugungi kunning tashvishlari, yetishmovchiliklari bois, farzandi voyaga yetmagan ayollar, ishlashga, pul topishga majburmiz degan bahona bilan oʻzini alday olmasligi kerak. Ilgarilari bir oilada 10, 8 nafar oʻgʻil-qiz voyaga yetgan. Oila boshi boʻlmish erning topganiga va boriga qanot qilingan. Akaning kiyimini uka, opaning koʻylagini singil kiyib ketavergan, oddiygina yashalgan-u, ammo oilada tinchlik, dasturxonda baraka boʻlgan.
Oilaning farishtasi boʻlmish yosh onalar farzandini to bogʻcha yoshiga yetguniga qadar bagʻridan chiqarmagan, begona nigohlardan asrab voyaga yetkazgan. Oʻzi esa birgina joni bilan roʻzgʻorning hamma ishiga ulgurgan. Tandirda non yopgan, qoʻlida kir yuvgan, uyida sigir-buzogʻiga qaragan, keng hovlini sarishta tutgan. Bir etak bolasini cheksiz mehr bilan katta qilgan Tilla taqinchoqlar taqib, zoʻr kiyimlar kiyib, atir-upa ishlatmasa ham turmush oʻrtogʻiga suymli boʻlgan. Oilada urush-janjal, ajralishlar kam boʻlgan.
Bugun nima oʻzgardi?
Bugun nima oʻzgardi-ki, vaqt tanqisligini, ishning koʻpligini va turli bahonalarni roʻkach qilib, hali ona mehriga, diydoriga toʻymagan jajji farzandlarimizni begona enagalar qoʻlida qoldirib ketyapmiz. Ha, zamon ilgargidek emas, havo musaffoligini bir oz yoʻqotdi, odamlar orasidan oqibat bir oz koʻtarildi. Ammo toʻkin va yaxshi yashashimiz uchun zamonaviy, eng tezkor, qulay shart-sharoitlar ham yaratildi-ku?
Zamonaviy texnika shiddat bilan rivojlandi, Elektr tokini ulasak boʻldi, gazda choy qaynaydi, kir mashinasi kirlarni yuvadi, quritadi hatto dazmollaydi ham. Ovqat pishirish uchun oʻchoq yoqib, tutunga boʻgʻilmaymiz. Xohishimiz yoki vaqtimiz boʻlmasa, bir qoʻngʻiroq yoki bir ilova orqali buyurtma bersak, uzogʻi bilan bir soatda istagan yegulik taomimiz dasturxonimizga yetkaziladi.
Shuncha sharoitimiz boʻla turib, nega bolalarimizni begona qoʻllarga topshirishga majbur boʻlyapmiz? Tanimaydigan, bilmaydigan, qaysi bir qarindosh va tanishimiz tavsiya qilgan yoki reklama orqali topilgan enaga, qanday qilib oʻzimiz bera olmayotgan mehrni, tarbiyani bizning farzandlarimizga bera oladi?
Bu mavzu haqida yozishimga bir voqea turtki boʻldi. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda «Siz ishdamiciz? Safardamisiz? Yoki shunchaki dam olmoqchimisiz? Bolajoningiz uchun ishonchli va mehribon enaga kerakmi?» degan eʼlonga koʻzim tushdi. Qiziqib, Google orqali bu haqda izladim. Natijada, bunday eʼlonlar anchagina koʻp ekanini, hatto buning uchun maxsus Telegram kanallar ham tashkil etilganini koʻrib, hayratda qoldim.
Shundan keyin enagalar bilan bogʻliq voqealarni oʻrganishga qaror qildim. Chunki, yurtimizda enagalar bilan bogʻliq noxush, yurak dosh bermaydigan holatlar sodir boʻlmoqda.
Jinoyat jazosiz qolmaydi
Oliy sud Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi oʻrinbosari Gulnora Parpiyeva:
– Ha yurtimizda enagalar faoliyati bilan bogʻlik koʻplab jinoyatlar roʻy berayotganini afsuslanarli hol. Keling ularni bir nechasini sizga shunchaki hayotiy hikoya tarzida aytib beray.
O‘tgan yilning mart oyida Toshkent shahrining Uchtepa tumanida 44 yoshli enaga 3 yoshli qizaloqni muntazam ravishda kaltaklab, tanasining turli qismlariga jarohat yetkazib kelgan. Faqat uy egasi boʻlgan tadbirkor ayolning koʻngliga shubha oralab, xonadoniga oʻrnatgan yashirin kamera orqali bu holat vaqtida fosh etilgan.
Enaga nafaqt qizchani qiynab kelgan tadbirkor ayolning pullarini ham oʻziga bildirmay oʻmarib, oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. Sud jarayonida enaga aybini tan oladi va jinoyat kodeksining 169 hamda 110-moddalarining 2-qismi “a” bandiga muvofiq, 5-yilu 1 oy ozodlikdan mahrum etildi.
Fargʻona viloyatida ham shunga oʻxshash holat yuz bergan. Enaga qaramogʻidagi ikki yoshli qizcha uy zinasidan yiqilib ogʻir jarohat oladi, ammo enaga uni shifoxonaga ham olib bormagan. Aslida qizchaning onasi, 2024-yilda voyaga yetmagan qizini va oʻgʻlini yuridik ishonchnoma asosida enagaga ishonib topshirib, oʻzi Rossiyaga ishlashga ketgan.
Ayol bolalarining kundalik ehtiyoji uchun muntazam pul yuborib turgan. Bir kuni ona yuragi gʻashlanib, enagadan bolalarini video qoʻngʻiroq orqali koʻrsatishni talab qilganida, qizining ogʻir jarohat olgani, 6 yoshli oʻgʻli uzoq vaqtdan buyon shafqatsizlik bilan qiynalib kelinayotganidan xabardor boʻladi.
Shoshilinch koʻrilgan choralar tufayli qizcha tez yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Fargʻona filiali reanimatsiyasiga, hayot uchun xavfli jarohatlar bilan joylashtirildi. Enaga ayolga nisbatan esa jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tegishli moddalar asosida ayblov eʼlon qilindi...
Bu nasihat yoki oʻgit emas
Maqolamiz doirasida enagalar tomonidan sodir etilgan oʻndan ortiq noxush holat va jinoyatlarni eshitdik, oʻrgandik. Bir-ikkitasini misol tariqasida keltirdik, qolganlarini yozishga esa na koʻngil toqati yetdi, na qalam kuchi yetdi…
Albatta, ertadan kechgacha ishda boʻladigan oilalar uchun uy tozalashda yordam beradigan xodim yoki taom tayyorlovchi pazanda kerak boʻlishi tabiiy hol. Bugungi tezkor davrda bunday xizmatlarga ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda.
Ammo jajji bolalarimizni, hali ona mehriga toʻymagan maʼsum gulgʻunchalarimizni bilmagan, tanimagan yot qoʻllarga ishonib topshirishdan oldin bir bor chuqur oʻylab koʻrishimiz lozim.
Ehtimol, bu soʻzlar kimningdir koʻngliga yoqmas. Lekin kelajagimiz davomchilari boʻlgan farzandlarimizning, ayniqsa qizaloqlarimizning tarbiyasiga va ularning bexatar bolaligiga beparvo boʻlmasligimiz shart.
Yashash uchun mablagʻ topiladi, ish topiladi, hayotda qulay sharoitlar yaratiladi. Lekin bolalarimizning bolaligi, ruhiy sogʻlomligi qaytarilmaydi. Murgʻaq qalbida qolishi mumkin boʻlgan ozorlar izini hech qanday boylik yoki ular uchun yaratilgan qulaylik yuvib tashlay olmaydi.
Bu nasihat yoki oʻgit emas, bu – shunchaki bugungi hayotimizning achchiq haqiqati.
“Farzandingizni enagaga bermang”, demaymiz, shunchaki ehtiyot va eʼtiborli boʻling, deymiz.
Gulichehra DURDIYEVA,
»Yangi Oʻzbekiston» muxbiri