Senatning 9-yalpi majlisida senatorlar tomonidan muhokama qilingan “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham ana shu islohotlarning mantiqiy davomidir.
Statistik raqamlarga koʻra, Mamlakatimizda 2023-yilda 1 911 nafar, 2024-yilda 2214 nafar voyaga yetmagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan va sudlangan. Oʻtgan yilda ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar 1 238 ta, uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar soni esa 855 tani tashkil qilgan.
Mazkur Qonun “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga doir Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan Jinoyat kodeksining bir qator moddalariga qoʻshimcha va oʻzgartish kiritilmoqda.
Jumladan, oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar sodir etgan oʻta ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun jazoni oʻtab boʻlgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonunda voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati olti oydan bir oygacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirishga xizmat qiladi va oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni oʻtab boʻlgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamgʻasidan xoli tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.