Ekologik harakatlarni amalga oshirishda ham bevosita odamlar asosiy ishtirokchiga aylanmoqda. Masalan, fuqarolar oʻzi boshqarayotgan avtotransport vositasining ekologiyaga taʼsiri uchun masʼuldir.
Ushbu jarayon yurtimizda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-noyabrdagi tegishli qarori bilan tartibga solinmoqda. Unga koʻra, Oʻzbekistonda yangi mexanizm — avtotransport vositalaridan chiqariladigan zararli moddalarni nazorat qilishga qaratilgan “ekologik transport” tizimi joriy etilyapti. Yangi tizim bilan 2026-yil 1-yanvardan boshlab barcha avtotransport vositalarini ekologik toifa va sinflarga ajratish hamda ular asosida ekostikerlar berish tartibi belgilandi.
Ekologik stikerlar haqidagi maʼlumotlar avvalroq paydo boʻlgani bois, yurtimizda ularning joriy etilishi va keyinroq transport vositalari hududlarda ana shu ekologik belgiga koʻra harakatlanishidan koʻpchilikning xabari bor. Hatto odamlar orasida “Yaqinda eski mashinalar shaharga kira olmaydi, cheklov oʻrnatiladi, faqat ekologik toza avtomobillargina koʻchalarda harakatlanishi mumkin”, degan fikrlar paydo boʻlgan. Yaʼni yurtdoshlarimiz yangi tizim haqida ozmi-koʻpmi xabardor. Ammo uning qachondan boshlab, kimlarga amal qilishi, tartib-qoidalari haqida koʻpchilik bilmasdi.
Endilikda avtomobillarga ekostiker yopishtirish tartibi belgilangach, masʼullar keng jamoatchilikka yangi mexanizmning zarurati va uning amaliyotda qoʻllanilishi haqida tushuntirishlar bermoqda.
— Avtomobillardan chiqadigan zararli gazlar atmosfera havosiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan asosiy omillardan biri sanaladi, — deydi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX axborot xizmati boshligʻi Zoyir Yoʻldoshev. — Bu bevosita atrof-muhit musaffoligi va insonlar salomatligi bilan bogʻliq masala boʻlgani bois, yurtimizda ushbu holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar tobora kuchaytirib borilyapti. Ayniqsa, Toshkent shahrida havo ifloslanishining oldini olishga qaratilgan qator ishlarga qaramay, atmosferaning ifloslanganlik darajasi yuqoriligicha qolayotgani harakatlarni yanada qatʼiylashtirish zaruratini oshirmoqda. Shu maqsadda 2026-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston sharoitida “ekologik transport” tizimi kuchga kiryapti. “Ekologik transport” tizimini hududlarda joriy etish uch bosqichda amalga oshiriladi. Yangi mexanizm birinchi bosqichda 2025-2027-yillarda Toshkent shahrida, ikkinchi bosqichda 2028-2030-yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida, uchinchi bosqichda esa 2031-2034-yillarda boshqa barcha hududlar amaliyotida qoʻllaniladi.
Belgilangan tartib asosida transport vositalari ekologik toifa va sinflarga ajratilib, ularga “yashil”, “sariq” yoki “qizil” rangdagi ekologik stiker beriladi. Birinchi marta va yiliga bir marta stiker olish mutlaqo bepul boʻlib, fuqarolardan hech qanday summa talab qilinmaydi.
Bepul diagnostika tekshiruvi
Ekologik stiker transport vositasining atrof-muhitga zararini kamaytiruvchi qandaydir qurilma emas. U avtomobilning ekologik toifasini tasdiqlovchi elektron maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maxsus yorliqdir. Bu yorliq tegishli tekshiruvlardan soʻng transport vositasining old oynasi pastki oʻng burchagiga, ichki tomondan yopishtiriladi. Stikerning rangi u yopishtirilgan avtomobilning ekologiya uchun qanchalik xavfsiz ekanini bildirib turadi.
Ekostikerlar uch xil — yashil, sariq va qizil rangda boʻladi hamda har biri ekologik toifalarni anglatadi. Yashil — “toza”, sariq — “oʻrtacha”, qizil — “zararli” ekologik daraja belgilari hisoblanadi. Transport vositasining ekologik toifasi ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan ekologik sinf (“yevro” standartlari) asosida, ekologik sinfi aniqlanmagan holatlarda esa diagnostika tekshiruvlari natijalariga koʻra belgilanadi. Berilgan xulosa asosida avtomobil oynasiga “qizil”, “sariq” yoki “yashil” yorliq (stiker) yopishtiriladi.
— Mamlakatimizning barcha hududi boʻylab transport vositalarini roʻyxatga olish — diagnostika markazi tashkil etilgan boʻlib, haydovchilar ekostikerlarni ana shu manzillarda bir necha daqiqa ichida olishi mumkin, — deydi Zoyir Yoʻldoshev. — Buning uchun maxsus ekologik operatorlar jalb qilingan. Ular zamonaviy qurilmalar yordamida transport vositalaridan chiqayotgan tutunni oʻlchab, uning qaysi stikerga mosligini aniqlaydi. Diagnostika tekshiruvi natijalari esa “Avtomototransport hisobi” yagona elektron tizimiga kiritiladi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ekostiker berish transport vositasining ishlab chiqarilgan yiliga bogʻliq emas. Asosiy mezon avtomobilning ekologik sinfi (“yevro” standarti) va uning texnik holatining amaldagi ekologik talablarga mosligi hisoblanadi.
Yangi tizimning qanday ishlashi Toshkent shahri Mirobod tumanidagi transport vositalari diagnostika tekshiruvi markazidagi tajriba amaliyoti misolida koʻrsatib berildi. Ekostiker berish tartibi real avtomobil misolida bosqichma-bosqich tushuntirildi. Haqiqatan, amaliyot bir necha daqiqa ichida mutlaqo bepul amalga oshirildi. Jarayonda 1996-yilda ishlab chiqarilgan avtomobil diagnostika tekshiruvidan oʻtkazilib, unga “yashil” ekostiker berildi.
Gap shundaki, gaz va dizelda yuradigan har bir mashinaning tutun chiqarish tizimi boʻladi, oʻshandan chiqadigan tutun miqdori, komponentlari va har bir komponentdagi alohida miqdori hisob-kitob qilinadi. Buni diagnostika markazlaridagi zamonaviy qurilmalar bemalol aniqlab beradi. Ularning natijalari asosida avtotransportlarga belgilangan stikerlar yopishtiriladi. Stikerlar ranglari zararning foizidan kelib chiqib belgilanadi. Yashil stiker avtomobilning texnik va ekologik holati yaxshi ekanini anglatadi. Qizil stiker olgan mashinaning tabiatga zarari yuqori boʻladi va bu yorliq ogohlantiruv degani. Bunday mashina egasi imkon qadar qisqa fursatlarda aniqlangan texnik nosozlik, kamchiliklarni bartaraf etishi maqsadga muvofiq. Kelgusida esa qizil stikerli mashinalarning poytaxt boʻylab alohida ajratilgan yashil hududlarda yurishiga cheklovlar oʻrnatilib, nazoratga olinadi. Bu qandaydir ajratish, yangi cheklovlarni oʻrnatish maʼnosida emas, shunchaki barcha transport vositalarini yashil stikerga oʻtkazish har birimizning salomatligimiz, ekologiya uchun zarur.
Haydovchilar ekostikerni ikki xil tartibda olishi mumkin. Birinchisi, transport vositasini roʻyxatga olish yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida ekostiker avtomatik tarzda bepul beriladi. Ikkinchisi, foydalanishda boʻlgan transportlar uchun ixtiyoriy murojaat asosida ekostiker olinib, rasmiylashtiriladi. Yorliqdan foydalanish muddati belgilanmaydi, ammo ayrim holatlar, xususan, transport egasi yoki davlat raqami oʻzgarganda, mashinaning old oynasi almashtirilganda, stiker shikastlanganda yoki oʻchib ketganda uni qayta rasmiylashtirishga toʻgʻri keladi.
Bir martadan ortiq qayta diagnostika va stiker olish esa bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari asosida toʻlovli amalga oshiriladi. Boisi, yangi tizimga koʻra, har bir transport vositasi egasi yiliga bir marta qayta diagnostika oʻtkazib, ekologik toifani yaxshilash huquqiga ega.
“Ekologik transport” — nima u?
Haqiqatan, avtotransport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar bugun ekologik muhitni yomonlashtirayotgan asosiy omillardan biriga aylangan. Ayniqsa, xalqaro sifat standartlariga javob bermaydigan yonilgʻi turlari atmosfera havosini jiddiy zararlayotgani tahlillarda ham koʻrsatilyapti. Yurtimizda 2026-yilga qadar AI-80 markali benzindan toʻliq voz kechish talabi qoʻyilgani boisi ham shunda.
Ekostiker ham shunchaki baho yoki mashina oynasini “bezab” turishi uchun joriy etilmayapti. Bundan asosiy maqsad transport vositasining ekologiyaga chiqaradigan zararli taʼsirini kamaytirishdir. Yaʼni avtomobilni bir yilda bir marta diagnostika tekshiruvidan oʻtkazish orqali tegishli toifadagi stiker berilgach, uning hududlarda harakatlanishi ham shu asosda belgilanadi.
Yaʼni “ekologik transport” tizimi orqali ikkita mexanizm joriy etilyapti. Birinchisi, transport vositalariga ekostiker berish tartibi boʻlsa, ikkinchisi, ekologik zonalarni belgilash amaliyotidir. Maʼlumotlarga koʻra, hududlardagi ekologik zonalar chegaralari Xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan Ekologiya qoʻmitasi taklifiga asosan belgilanadi. Bunday zonalarning alohida jihati shundaki, ularda “oʻrta” va “zararli” ekologik toifalarga mansub hamda ekologik stikeri mavjud boʻlmagan avtomobillarning harakatlanishi taqiqlanadi.
— Ekologik zonalar ballik tizim asosida belgilanadi, — deydi Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktori maslahatchisi Islom Xushvaqtov. — Bu asosan shaharning eng ifloslangan, sanoat korxonalari mavjud ayrim kichik hududlar boʻlishi mumkin. Bu hududlarga “sariq” hamda “qizil” toifadagi yoki ekostikersiz mashinalar kirishiga ruxsat berilmaydi. Faqat belgilangan tartibda va miqdorda kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirgan hamda ekologik zona hududida doimiy yashovchi yoki mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar mazkur hududda cheklov va taqiqlarsiz harakatlanish huquqiga ega boʻladi. Boshqa chorasi ham bor. Yaʼni “sariq” yoki “qizil” ekostiker berilgan transport vositasi diagnostika jarayonida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib, bepul tarzda qayta tekshiruvdan oʻtish va ekostikerni yangilash huquqiga ega.
“Yashil” stikerlar haqida gap borganida, koʻpchilikning koʻz oldiga elektromobillar keladi. Ammo mutaxassislarning aytishicha, bu tushuncha notoʻgʻri. Chunki elektromobillardan tabiatga hech qanday zararli gazlar chiqarilmagani bois, ekologik koʻrikdan oʻtkazish amaliyoti ularga tegishli emas. Qolaversa, ayrim turdagi transport vositalari uchun ham hech qanday ekostiker olish talab qilinmaydi. Xususan, skuter, moped va uch gʻildirakli transportlar, jamoat transporti (taksi va yoʻnalishli taksidan tashqari), tezkor va maxsus xizmat mashinalari, tranzit orqali harakatlanayotgan, Oʻzbekistonda 90 kungacha vaqtincha boʻlib turgan transport vositalari kabilarga nisbatan ekostiker olish talabi tatbiq etilmaydi. Ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan gibrid avtomobillar ham “toza” toifali transport vositalari hisoblanadi. Alohida roʻyxatga kirmaydigan transport vositalari esa kelasi yil boshidan diagnostika tekshiruvidan oʻtkazilib, ekostiker olishiga toʻgʻri keladi.
Fuqarolar esa ekostiker olish orqali oʻz avtomobilining atrof-muhitga qanchalik taʼsir koʻrsatayotganini bilish barobarida bu borada mustaqil nazoratni amalga oshiradi. Shu tarzda ekologik chora-tadbirlarning asosiy ishtirokchilaridan biriga aylanadi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri