Sizu bizga tanish manzara, shundaymi? endi bunday holatga yo'l qo'yilmaydi. Sababi, joriy yilning 1 iyunida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushirilgan «SHaffof qurilish» axborot tizimi aholiga qurilish sohasiga oid barcha ma'lumotlarni taqdim etadi. Bu tizimga geoportal ham integratsiyalashtirilgan bo'lib, u orqali tadbirkorlar va yurtimizda ish boshlamoqchi bo'lgan investorlar qaerda bino qurish mumkinligini bilib olishlari mumkin.

Qurilish vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida sohani raqamlashtirish borasida qilinayotgan ishlar va ularning natijalari to'g'risida hisobot berildi. Unda aytilishicha, vazirlik rasmiy saytiga qurilish jarayoni kal`kulyatori ham joylashtirilmoqda.

— endi istagan kishi undan foydalanishi mumkin, — deydi vazirlik qoshidagi Qurilish sohasida AKTni rivojlantirish markazi rahbari Sanjar Abdug'aniev. — O'zbekistonda biror bir ob'ekt qurmoqchi bo'lgan tadbirkor buning uchun ishni nimadan boshlashi kerak, qanday jarayonlardan o'tiladi yoki qaysi hujjatlar talab etiladi, hattoki sarflanadigan mablag' va vaqt hajmigacha bo'lgan axborotni shu tizim orqali olish imkoniyatiga ega. Buning uchun maxsus parametrlar bo'yicha ma'lumotlarni kiritadi va hisoblagich unga sarf-xarajatdan tortib kimga murojaat qilishigacha aniq axborot taqdim etadi. «SHaffof qurilish» axborot tizimini ishlab chiqishda Rossiya Federatsiyasi va Turkiya tajribasi o'rganildi. Ulardagi qurilish sohasining avtomatlashtirish jarayonlarini borib, tanishib chiqdik va biz uchun qulay bo'lgan jihatlarni tatbiq etmoqdamiz. «SHaffof qurilish» axborot tizimi 2021 yil yanvar` oyidan butun respublika hududlarida ishga tushadi.

Muhim yangiliklardan yana biri, pudrat tashkilotlarining reytingi ishlab chiqilganidir. Undan ishchi muhandislarning kasbiy bilimi, korxona bajargan ishlari ko'lami, soliq to'lovi hamda bankdagi hisobi va shu kabi ma'lumotlar o'rin oladi. Reyting tizimi tadbirkorlarga tenderda qatnashishlarida yordam beradi. Tender va auktsionlar o'tkazilishidan oldin talabgorlar mablag'i, mutaxassislari etarli darajada ekani hamda texnik imkoniyatlari to'g'risidagi ma'lumotlarni kiritishi axborot tizimiga kerak. Ana undan keyin u sog'lom raqobatga kirisha oladi.

Qurilish sohasida endi yo'lga qo'yilayotgan bu tizim, avvalo, qog'ozbozlikka chek qo'yadi. Qolaversa, jarayonda inson omili keskin kamayadi. Taqdim etilishi lozim bo'lgan hujjatlar soni ham 14 tadan 6 taga qisqaradi.

Anjumanda tilga olingan yana bir masala — qurilish sohasida haligacha eski normalar asosida ish olib borilayotgani bo'ldi. Mutaxassislarning xabar berishicha, 2020 yilda jami 60 ta yangi norma ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan. Bu boradagi ishlar 2025 yilga qadar davom etadi. Ilk marotaba vazirlik qoshida Qurilishda texnik me'yorlash markazi faoliyatining yo'lga qo'yilgani yurtimizda bo'y cho'zayotgan binolarning nafaqat chiroyli, balki sifat va chidamlilik jihatidan ham mukammal ishlanishiga zamin yaratadi, degan umiddamiz.

Sohiba MULLAEVA,

“YAngi O'zbekiston” muxbiri