Yangi tizimga koʻra, toʻlovlar onlayn shaklda amalga oshiriladi. Bu esa:

  • istalgan joy va vaqtda toʻlash imkonini beradi;
  • bankka borish va navbat kutish zaruratini bartaraf etadi;
  • hisob-kitoblarni oson tekshirish va nazorat qilish imkonini yaratadi;
  • toʻlov cheklarini elektron shaklda yuklab olish imkonini taʼminlaydi;
  • noqonuniy undiruvlar va mablagʻlarni oʻzlashtirish holatlarining oldini olib, sohada shaffoflikni kuchaytiradi.

Endilikda aholi tomonidan amalga oshirilgan toʻlovlar toʻgʻridan-toʻgʻri sanitar korxonalar hisob raqamiga emas, balki Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining maxsus hisob raqamiga yoʻnaltiriladi. Keyin operatorlarga mahallalardan olib chiqilgan va poligonga joylashtirilgan chiqindi hajmi (tonnasi) hamda maxsus texnikaning bosib oʻtgan masofasi (kilometr) asosida, yaʼni faqat real koʻrsatilgan xizmat uchun toʻlov qilinadi.

Shuningdek, xizmat koʻrsatuvchi sanitar korxonalar faoliyati har oy baholanib, “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Baholash natijalari toʻlovlarda inobatga olinadi. Sifatsiz xizmat koʻrsatgan korxonalar jarimaga tortiladi, zarur hollarda shartnoma bekor qilinib, biriktirilgan hudud qaytarib olinadi.

Ayni paytda 14 ta korxona “qizil” toifaga kiritilib, ularning ikkitasi bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingan. Shuningdek, amalda koʻrsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 11,9 mlrd soʻm miqdoridagi noreal debitor qarzdorlik elektron tizimdan chiqarilgan.

Toza Makon yagona elektron billing tizimida respublika boʻyicha 9 430 ta mahalla, 7,1 mln abonent hamda 3 606 ta chiqindi yigʻish joyi elektron xaritaga kiritilgan.

Chiqindi tashuvchi 3 230 ta (94 foiz) maxsus texnika GPS orqali kuzatilmoqda. Hozirda 846 ta chiqindi yigʻish maydonchasi va 645 ta texnika onlayn kameralar orqali nazorat qilinmoqda. 2030-yilga qadar bu koʻrsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Billing tizimining elektr taʼminoti sohasi bilan integratsiya qilinishi orqali tarmoq toʻliq raqamlashtirilmoqda. Bu esa korxonalardan sifatli xizmat talab qilish va sohada shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.