Endi daraxtlarni kesganlik uchun jazo choralari kuchaytiriladi

    Yashil sayyora 21 Noyabr 2023 691

    Qonunchilik palatasida daraxt va butalarni qonunga xilof ravishda kesish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun qabul qilinib, Senatga yuborildi.

    Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Odiljon Tojiyev oʻzining telegramdagi rasmiy kanalida maʼlum qildi.

    Deputatning taʼkidlashicha, endilikda daraxt va butalarni qonunga xilof ravishda kesadigan fuqaro yoki mansabdor shaxs amalda belgilangan jarima miqdoridan oʻrtacha besh barobar koʻp jarima toʻlashga majbur boʻladi.

    Shuningdek, daraxt va butalar qimmatbaho navlari kesilishiga yoki yoʻq qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini tayyorlaganlik uchun ham katta miqdordagi jarima undiriladi.

    Yaʼni, daraxt va butalarni qonunga xilof ravishda kesganlik uchun yuridik shaxslar 99 million soʻmgacha moliyaviy jarima toʻlashidan tashqari, ularga har bir noqonuniy kesilgan daraxt uchun 100 tup koʻchat ekish va ularni uch yil davomida parvarishlash majburiyati yuklatiladi.