Bundan 7-8 yil ilgari mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalari sanoqli boʻlgani, bori ham davlatga qarashli ekani, xususiy OTMlar yoʻqligi tufayli talaba boʻlish nihoyatda qiyin, taʼlim yoʻnalishidagi bir oʻringa kamida 30 nafargacha nomzod toʻgʻri kelar edi. Natijada aksariyat yoshlar boshqa davlatlardagi oʻqitish sifati kafolatlanmagan OTMlarga hujjat topshirar, salmoqli mablagʻ chet elga chiqib ketardi.
Bugun yurtimizda 200 dan ortiq davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyat yuritmoqda. Hozir ularga oʻqishga kirish ixtiyoriy va juda oson. Biroq shunga mos ravishda taʼlimning sifatiga eʼtibor ham ortib bormoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining bu yil 10-martdagi “Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ham OTMlarda oʻqitish sifatini oshirish va jamiyatda ijtimoiy faol yoshlar qatlamini paydo qilishga qaratilgan. Endi davlat granti va stipendiyalar har oʻquv yilida aylanma shaklda, munosib talabaning oʻzlashtirishiga qarab belgilanadi. Xoʻsh, buning tartibi qanday?
Qaror bilan tasdiqlangan nizom taʼlim grantlarini ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik oʻzlashtirish koʻrsatkichiga erishgan va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan ijtimoiy faol talabalar oʻrtasida oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlash hamda qoʻshimcha grant taqdim etish tartibini belgilaydi. Eʼtiboringizni uning mohiyatini yorituvchi, jarayonlarni harakatga keltiruvchi iqtiboslar, mexanizmlarga qaratmoqchimiz.
Taʼlim grantining bazaviy soni — oliy taʼlim tashkilotining tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga (magistratura mutaxassisligiga) kirish imtihonlari natijasiga koʻra, davlat granti asosida 1-kursga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar soniga teng grant oʻrni;
Taʼlim grantiga talabgor — oliy taʼlim tashkilotining taʼlim granti ajratilgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi (magistratura mutaxassisligi) boʻyicha ikkinchi va undan keyingi kurslarda tahsil olayotgan, taʼlim grantini qayta taqsimlashda ishtirok etish istagini bildirgan talaba;
Toʻliq taʼlim granti — bir oʻquv yili uchun berilib, oʻqitish xarajati davlat byudjetidan toʻliq qoplab beriladigan va umumiy tartibdagi stipendiya bilan taʼminlanadigan taʼlim granti;
Toʻliq boʻlmagan taʼlim granti — bir oʻquv yili uchun berilib, toʻlov-kontrakt summasining 50 foizi davlat byudjetidan qoplab beriladigan va umumiy tartibdagi stipendiya bilan taʼminlanmaydigan taʼlim granti;
GPA (Grade Point Average) — taʼlim oluvchining dastur boʻyicha oʻzlashtirgan ballarining oʻrtacha qiymati;
Qoʻshimcha davlat granti — oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida muayyan oʻquv yili yakuni boʻyicha GPA koʻrsatkichi 4 va undan yuqori boʻlgan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadigan toifadagi talabalarning navbatdagi oʻquv yili uchun oʻqitish xarajati davlat byudjetidan toʻliq qoplab beriladigan va umumiy tartibdagi stipendiya bilan taʼminlanadigan grant;
Oliy taʼlim tashkiloti granti — moliyaviy mustaqillik berilgan oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan ularda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tahsil oluvchi belgilangan toifadagi talabalarning GPA koʻrsatkichi 3,3 dan 4 gacha boʻlganda, ularning navbatdagi oʻquv yili uchun belgilangan toʻlov-kontrakt summasining 20 foizdan 80 foizgacha boʻlgan qismini ushbu oliy taʼlim tashkilotining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadigan grant.
Talabalarning oʻzlashtirish koʻrsatkichi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining HEMIS — Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi orqali shakllantiriladi. Bunda talabalarning GPA koʻrsatkichi yuzdan bir ulushda hisoblanadi.
Akademik oʻzlashtirish koʻrsatkichini aniqlash boʻyicha komissiya taʼlim grantiga talabgorlarning oʻzlashtirish koʻrsatkichini hisoblab chiqib, mutanosib tarzda 80 ballik mezonda baholaydi hamda tegishli bayoni bilan rasmiylashtiradi. Bunda talabalarning akademik oʻzlashtirish koʻrsatkichi talabalarning GPA koʻrsatkichini “16” soniga koʻpaytirish orqali aniqlanadi. Nega aynan “16”? Talabaning akademik oʻzlashtirish koʻrsatkichini aniqlashda eng yuqori oʻzlashtirish mumkin boʻlgan GPA — 5 ball. Qaror nizomiga koʻra, 80 ball 5 ga boʻlinsa, 16 soni kelib chiqadi.
Birinchi bosqichda talabaning akademik oʻzlashtirish koʻrsatkichi (80 ball) taʼlim oluvchining dastur boʻyicha oʻzlashtirgan ballarining oʻrtacha qiymati (16 soni)ga koʻpaytiriladi.
Ikkinchi bosqichga koʻra, qaror nizomining 2-ilovasida talabaning ijtimoiy faolligi uchun 20 ball ajratilgan. Xoʻsh, 20 ball qayerdan paydo boʻldi degan savol tugʻiladi. Nega ijtimoiy faollik uchun 20 ball? Yuqorida keltirilganidek, talabaning akademik oʻzlashtirishi umumiy 100 balldan 80 ballgacha baholanadi. Qolgan 20 ball 100 ballni taʼlim oluvchining dastur boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichi — 5 ballga boʻlish orqali vujudga keladi.
Masalan, talabaning akademik oʻzlashtirishi koʻrsatkichi, yaʼni GPA 5 ball boʻlsa, natija — 5x16=80. Agar GPA 4,20 boʻlsa, natijasi — 4,20x16=67,2 kelib chiqadi. Talabaning ijtimoiy faollik koʻrsatkichi — eng yuqori ball 20 boʻlsa, buning natijasi — 20:5=4. Yoki talabgor ijtimoiy faollikda oʻzlashtirgan ball 18 boʻlsa, 18:5=3,6 boʻladi.
Ijtimoiy faollik oʻzi nima? U qanday baholanadi? Bu savol bugun koʻplab talabalarni qiziqtirmoqda. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan nizomda keltirilganidek, ijtimoiy faollik uchun 100 ball beriladi. Bunda talabaning kitobxonlik madaniyati — 20 ball, “5 muhim tashabbus” doirasidagi toʻgaraklardagi faol ishtiroki — 20 ball, akademik oʻzlashtirishi — 10 ball, universitet ichki tartib-qoidalari va odob-axloq kodeksiga rioya etishi 5 ball tizimida baholanadi. Shuningdek, xalqaro, respublika, viloyat miqyosidagi koʻrik-tanlov, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida erishgan natijalari — 10 ball, darslarga toʻliq va kechikmay kelishi — 5 ball, “Maʼrifat darslari”da faol ishtiroki — 10 ball, volontyorlik va jamoat ishlaridagi faolligi — 5 ball, teatr va muzey, xiyobon, tarixiy qadamjolarga borishi — 5 ball, sport bilan shugʻullanishi va sogʻlom turmush tarziga amal qilishi — 5 ball hamda maʼnaviy-maʼrifiy sohaga oid boshqa yoʻnalishlardagi faolligi uchun 5 ball berilishi belgilangan.
Nizomga koʻra, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tahsil oluvchi, belgilangan toifadagi talabalarning GPA koʻrsatkichi 3,3 dan 4 gacha boʻlsa, ularning navbatdagi oʻquv yili uchun belgilangan toʻlov-kontrakt summasining 20 foizdan 80 foizgacha boʻlgan qismi moliyaviy mustaqillik berilgan OTMlarning byudjetdan tashqari mablagʻi hisobidan qoplanadi.
Barcha oliy taʼlim muassasalari talabaning ijtimoiy faollik koʻrsatkichini jamoaviy kelishilgan holda amaliyotda qoʻllaydi. Bunda talabaning manzilli va saʼy-harakatlarini toʻgʻri yoʻnaltirishi uchun muassasalar rahbariyatlari tomonidan puxta oʻylangan dastur ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq.