Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ishsizlik darajasini kamaytirish va aholini ish bilan taʼminlash xamda  ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish maksadida bir qator islohotlar amalga oshirilgani hammaga maʼlum. Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunida belgilangan ishsizlar, yoshlar, ayollar, mehnat bozorida ish topishga qiynaladigan shaxslarga, ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi toifalarini ishga joylashtirish kafolatlarini roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Ish oʻrinlari tashkil etilishini ragʻbatlantirish va aholi bandligiga koʻmaklashish, ishsiz shaxslarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirishga koʻmaklashish maksadida bir kator imkoniyatlar yaratilmokda. Jumladan, amaldagi tartib boʻyicha ish bilan band boʻlmagan fuqaro bandlik organiga maslahat olish uchun yoki ish ishlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun murojaat qilishi lozim. Bunda kam taʼminlanganlik toifasidan chiqish maqsadida ish bilan taʼminlanishga xarakatini inobatga olib, ushbu fuqarodan rasmiy bandlik talab etilmaydi. Lekin, amaliyotda fuqarolar ushbu imtiyozdan boshqa maqsadlarda foydalanib kelmoqda. Yaʼni, aksariyat fuqarolar faqatgina nafaqa tayinlanishi uchun bandlik organiga murojaat qilib, nafaqa tayinlangandan soʻng bandlik organiga ish izlab qaytib murojaat qilmagan. Bir soʻz bilan aytganda, fuqarolar bandlik organiga “ish qidirib emas, nafaqa tayinlash uchun murojaat qilmoqda” degan xulosaga kelish mumkin.

Achinarlisi, norasmiy daromad olayotgan fuqarolar ham bandlik boʻlimiga “maslahat olish” uchun murojaat qilib, bolalar nafaqasi olish holatlari mavjud. Bu esa, daromadini rasmiylashtirgan bolalar nafaqasi olmaydigan oilalarning eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Mazkur vaziyatni oʻzgartirish maksadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy himoya yagona reestri axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash boʻyicha elektron koʻrinishda ariza berishni joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinyapti. Kiritilayotgan oʻzgartirishlarga koʻra ish izlab (xususan, aholi bandligi masalalari boʻyicha maslahat olish uchun) mehnat organlariga murojaat qilganligi sababli rasmiy bandlik talab etilmasdan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oila aʼzosi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oydan boshlab 3 oy davomida mehnat organi orqali kasbga tayyorlash, malaka oshirish, qayta tayyorlash oʻquv kurslarida oʻqimasa, markazda ish izlovchi yoki ishsiz sifatida roʻyxatga olinmasa, ishga joylashmasa, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi va oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar roʻyxatiga kirmasa yoki mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad qilgan boʻlsa keyingi oydan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam toʻlovi toʻxtatiladi.

Maʼlumot tariqasida aytib oʻtish lozimki, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi bandlik organlarida jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatilayotgan xizmatlarni hisobga oluvchi “Bandlik xizmati” axborot tizimi bilan integratsiya qilingan. 2023-yil 1-oktyabr holatiga Bandlik boʻlimlarga 1 444,1 ming nafar fuqarolar murojaat qilgan. Ularning 555,3 ming nafariga (38,5 foiz) bandlik sohasidagi xizmatlar koʻrsatilgan boʻlsa, 954,5 ming nafariga (66,1 foiz) maslahat berish xizmati koʻrsatilgan.

Maslahat xizmati koʻrsatilgan fuqarolardan 888,8 ming nafari (93,1 foiz) faqatgina bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash toʻgʻrisida maslahat olgan boʻlib, keyinchalik ushbu fuqarolar Bandlik boʻlimlariga biror marta ham ish soʻrab murojaat qilmagan. Misol uchun, Andijon viloyatining Jalaquduq tuman Bandlik boʻlimiga 2023-yil 1-oktyabr holatiga 2,3 ming nafar fuqaro murojaat qilgan boʻlib, ulardan 1,7 ming nafariga (74,4 foiz) bandlik sohasidagi xizmatlar koʻrsatilgan boʻlsa, 605 nafariga (25,6 foiz) maslahat berish xizmati koʻrsatilgan. Maslahat olgan fuqarolarning 576 nafari (95,2 foiz) ish soʻrab qayta murojaat qilmagan va biror bir bandlik xizmatlaridan foydalanmagan

Oʻtgan 9 oy davomida respublika boʻyicha maslahat xizmati koʻrsatilgan fuqarolarning atiga 65,6 ming nafari (6,9 foiz) Bandlik boʻlimlariga ish qidiruvchi shaxs sifatida qayta murojaat qilgan va bandlik xizmatlaridan foydalangan. Qayta murojaat qilgan fuqarolarning 50 ming nafariga ishga joylashtirish koʻmaklashish, 14,8 ming nafarini kasb-hunarga oʻqitish, 11,2 ming nafarini jamoat ishlariga jalb qilish va 4,8 ming nafarini ishsiz deb eʼtirof etish kabi xizmatlar koʻrsatilgan.

Ushbu holatlar tahlil qilinganda, aksariyat fuqarolar bandlik boʻlimlariga ishga joylashish yoki boshqa bandlik xizmatlari boʻyicha koʻmak olish emas, balki bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlanishida roʻyxatdan oʻtish uchun murojaat qilganligi aniqlandi. Maslahat berilgan fuqarolarning aksariyati norasmiy mehnat faoliyati bilan bandligi va kunlik daromadga ega boʻlganligi sababli bandlik boʻlimlari tomonidan taklif etilayotgan ish oʻrinlari va boshqa xizmatlarni rad qilib kelmoqda.

Ushbu oʻzgarishlar davlat tomonidan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarga toʻlanadigan nafaqalar manzilli yetkazib berilishiga zamin yaratadi. Bu degani adolatsiz va aldov yoʻllari bilan ijtimoiy nafaqalarni olib yurganlar soni qisqarib, haqiqatan ham yordamga muxtoj fuqarolarni nafaqa va ish bilan taʼminlashga, ularni ijtimoiy va moliyaviy axvolini yaxshilashga, hamda kam taʼminlanganlik chegarasidan yuqoriga koʻtarilishiga xizmat qiladi.