Endi litsenziya yo'qotilganda yoki yaroqsiz holga kelganda dublikatini olish zarurati bo'lmaydi

    “Litsenziya” axborot tizimida litsenziyalarning elektron reestri yuritilib, advokatning litsenziyasi to'xtatib turilgan yoki tugatilgani haqidagi ma'lumotlar ham aks ettiriladi.

    Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5 avgustda qarori bilan Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi. endilikda advokatlik faoliyati uchun litsenziya olishda talabgor tomonidan litsenziyalovchi organga (hududiy adliya boshqarmalari) shaxsan tashrif buyurishi va litsenziya olish uchun qo'shimcha talab etiladigan hujjatlarni talab etish tartibi bekor qilindi.

    2023 yil 1 yanvardan advokatlik faoliyati bilan shug'ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish bo'yicha murojaatlar, shuningdek litsenziyani berish va qayta rasmiylashtirish bo'yicha barcha tartib-taomillar “Litsenziya” axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.Talabgor litsenziya olish uchun “Litsenziya” axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalda ro'yxatdan o'tib, elektron shaklda ariza to'ldiradi va u avtomatik ravishda litsenziyalovchi organga yuboriladi. Talabgor litsenziya berish jarayonini “Litsenziya” axborot tizimi orqali kuzatib borish imkoniga ega bo'ladi.

    Litsenziya uchun davlat boji to'lovlari ham elektron tartibda amalga oshiriladi. Talabgorning arizasi 10 ish kuni ichida ko'rib chiqiladi va “Litsenziya” axborot tizimi orqali maxsus QR-kod (matrik shtrixli kod) qo'yilgan litsenziya shakllantirilib, talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Advokatlik faoliyati uchun litsenziya olish bilan bir vaqtda talabgorning xohishiga ko'ra, advokatlik byurosini ham davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun kompozit xizmat ko'rsatish imkoni yaratilmoqda.

    Bundan tashqari, endi litsenziya yo'qotilganda yoki yaroqsiz holga kelganda, litsenziyaning dublikatini olish zarurati mavjud bo'lmaydi.“Litsenziya” axborot tizimida litsenziyalarning elektron reestri yuritilib, advokatning litsenziyasi to'xtatib turilgan yoki tugatilganligi haqidagi ma'lumotlar ham aks ettiriladi.