Mazkur Qonun quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz ichiga olgan:
birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4630-son Qarori bilan ijroga kiritilgan “Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga muvofiq fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirishning yangi tizimi joriy etildi. Shunga asosan, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning 18, 20, 21, 38 va 46-moddalariga tegishli oʻzgartishlar kiritildi.
ikkinchidan, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasida, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtagan fuqarolarni 27 yoshga toʻlganlaridan keyin Qurolli Kuchlar rezerviga oʻtkazish belgilab qoʻyilgan.
Unga koʻra safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilari oylik harbiy yigʻinlarni oʻtab, Vatanga qasamyod qabul qilib, tegishli harbiy mutaxassislik hamda yetarli harbiy tayyorgarlikka ega boʻlganlaridan soʻng ham maqsadsiz ravishda 27 yoshga qadar SCHR xizmatchilari hisobida turardilar.
Shu munosabat bilan Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni oʻtagan rezervchilar miqdorini oshirish, safarbarlik boʻyicha va urush davrida tashkil etiladigan harbiy tuzilmalarni kerakli yosh mutaxassislar bilan toʻliq va sifatli butlash maqsadida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga oʻzgartish kiritildi, yaʼni safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilari oylik harbiy yigʻinlarni oʻtab boʻlganlaridan soʻng yoshidan qatʼiy nazar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilari roʻyxatidan chiqarilib, Qurolli Kuchlar rezerviga oʻtkaziladi.
uchinchidan, fuqarolarni birlamchi harbiy roʻyxatga olish, harbiy xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash, dastlabki ravishda qoʻshin turlariga tayinlash maqsadida har yili aprel-may oylarida taʼlim muassasalarining bitiruvchi sinf oʻgʻil bolalarini chaqiruv uchastkalariga qayd etish ishlari amalga oshirilib kelinadi.
Bundan tashqari, yilning mazkur davrida fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, oliy harbiy taʼlim muassasalari va “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylariga saralash, shuningdek mazkur toifa fuqarolarini hamda oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan zaxiradagi ofitserlarni ham tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlari oʻtkaziladi.
Mazkur tadbirlarning bir vaqtda oʻtkazilishi tibbiy komissiya shifokorlari hamda mudofaa ishlari boʻlimlari xodimlarining ish yuklamasini oshib ketishiga, bu esa oʻz navbatida chaqiruv uchastkalarida qayd etish ishlarini sifatli oʻtkazishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, ushbu davrda bitiruvchilarning bitiruv imtihonlariga tayyorgarlik jarayonlari ham olib boriladi.
Bayon etilganlar muammolarni bartaraf etish maqsadida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning
18-moddasiga oʻzgartish kiritildi, yaʼni fuqarolarni chaqiruv uchastkalarida qayd etish tadbirlari yilning aprel-may oylaridan yilning oktyabr-noyabr oylariga oʻtkazildi.
toʻrtinchidan, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasida, mehnatga qobiliyatsiz, yaʼni nafaqada yoki nogiron boʻlgan ota-onaning yolgʻiz oʻgʻli boʻlsa, ularni boqishi lozim boʻlgan mehnatga qobiliyatli voyaga yetgan boshqa oʻgʻli boʻlmasa, ushbu chaqiriluvchi muddatli harbiy xizmatga chaqirilmasligi belgilab qoʻyilgan.
Unga koʻra bugungi kunda nafaqaga chiqqan fuqarolarning oilaviy-moddiy sharoitlari yaxshiligi, olayotgan nafaqasi oʻzlarining toʻliq taʼminoti uchun yetarli ekanligi, ularni boqish uchun hech qanday qiyinchiliklar yoʻqligi sabab, yolgʻiz oʻgʻlini muddatli harbiy xizmatga yoki safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga yuborish orqali ularga kelajakda turli kuch tuzilmalarida shartnoma asosida xizmat qilish uchun imkoniyat yaratib berish yuzasidan murojaatlar soni ortib bormoqda.
Mazkur toifadagi fuqarolarga shart-sharoit yaratish, yaʼni ota-onalarning roziliklari bilan yolgʻiz oʻgʻil boʻlgan chaqiruv yoshidagi fuqarolarga muddatli harbiy yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtash imkoniyatini yaratib berish maqsadida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasiga oʻzgartish kiritildi, yaʼni oilada yolgʻiz oʻgʻil boʻlgan chaqiruv yoshidagi fuqarolar ota-onalarning roziliklari bilan muddatli harbiy yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtashlari mumkin.
U. QODIROV,
Podpolkovnik
Mudofaa vazirligi boshqarma boshligʻi