1
Olis oʻtgan zamonlarni-ku, qoʻyavering, ular juda uzoq. Lekin bundan bor-yoʻgʻi oʻn-oʻn besh yil avvalgi manzarani bir koʻz oldingizga keltiring-a? Nechta xorijiy mamlakat rahbari kelardi yil oʻn ikki oy ichida Oʻzbekistonga? Boʻlarmidi dunyo ahlini mahliyo qilguvchi bir-biridan moʻtabar majlisu mashvaratlar? Pomiru Hisor togʻlari singari yelkama-yelka turarmidi qadim Turonu Turkiston bahodirlari? Oltin zanjir halqalari kabi bogʻlanganmidi bir-biri bilan ular? Bir musht, bir vujudga aylanganmidi?
Eh!.. deysiz. Deysiz-u, ortidan bir daryo afsus, bir olam iftixor, bir dunyo gʻurur yuragingizga shiddat bilan oqib kiradi. YUNESKOdek mashhur tashkilotning salkam ellik yillik tarixida ilk bor Parij qarorgohidan chiqib, toʻgʻri Samarqandga kelishi, kelganda ham bir zamonlar ispan elchisi Klavixoni lol qoldirgan azim kentda yuz emas, besh mingga yaqin yetti iqlimning mashhur olimu ulamolari ishtirokida jahoniy tashvishlar muhokama qilinishi, ulugʻ tantananing izi sovimay Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning olti davlat Prezidentlarining oliy minbarda bir togʻ kabi turishlari... Olti ogʻayni ittifoqiga qarab turib, nigohlari sevinch yoshlariga toʻlayotgan shodumon koʻzlar va alamdan boʻzarib-oʻzgarib ketayotgan yuzlar...
Shunday qutlugʻ voqealar qatorida kurrai zaminda yagona boʻlmish Islom sivilizatsiyasi markazidek bebaho majmuaning qurib bitkazilishi; peshtoqida Humo timsoli yaraqlab turgan yangi Toshkent aeroportining ishga tushgani; Samarqandda Imom Buxoriy maqbarasi; Fargʻonada, Termizda, Namanganda, Nukusda, qoʻyingki, mamlakatimizning hamma-hamma shaharu qishloqlarida bunyod etilayotgan yangi-yangi korxonalar, bogʻlar, xiyobonlar...
Oʻtayotgan shu yilning oʻzida 40 dan ziyod nufuzli xalqaro anjumanlarning tashkil etilgani va ikki kun avval Samarqand vokzalidan yoʻlga chiqqan uchqur poyezdning Zarafshon daryosi yoqalab, Jomboy va Bulungʻur tumanlari orasidan shamolday yelib, Urgutga kirib borishi... Inson zoti ishonmas edi bundan oʻn yil avval shu gapni birovga aytsang — Urgutga poyezd keladi, desang. Urgutning tarixiy kitobiga zarhal harflar bilan yoziladigan mislsiz tarixiy voqea edi bu!
2
25-noyabr 2025-yil. Oltin kuzning yangi bir kuni.
Yoshlar, ayollar, viloyat nuroniylari, Toshkent shahridan kelgan mehmonlar oʻtirgan poyezdga Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chiqib keldi.
— Samarqand — Urgut yoʻlini qura boshlaganimizga hali bir yil ham boʻlmadi, — dedi vagondagilar bilan birma-bir qoʻl berib salomlashar ekan Prezident. — Mana, bugun ishlar yakuniga yetdi. Bunday yutuqlar chuqur oʻylangan siyosatimiz, borayotgan yoʻlimiz toʻgʻriligini koʻrsatadi. Bugun kechagidek yashashga haqqimiz yoʻq. Har kuni tinmay izlanmasak, mehnat qilmasak, boshqalardan orqada qolamiz. Urgutga poyezd bilan birga madaniyat, maʼrifat, iqtisod kirib boradi. Mamlakatimizning boshqa joylarida ham quramiz yangi poyezd yoʻllarini. “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” xalqaro temir yoʻlini qurish vazifasi turibdi oldimizda. Shu reja amalga oshsa, Ozarbayjon orqali Yevropaga, Xitoy bozorlariga toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega boʻlamiz.
Sekin joyidan qoʻzgʻalgan poyezd shahardan chiqqach tezligini oshirdi.
— Bugun men Urgutga quruq qoʻl bilan emas, katta mablagʻ va yirik rejalar bilan boryapman, — davom etdi mamlakatimiz rahbari. — Urgutda hali ishga solinmagan imkoniyatlar juda koʻp. Urgut necha ming yillik tarixga ega boʻlgan manzil...
Darhaqiqat, Urgut — ildizlari ming- ming asrlik tarixga ega koʻhna qoʻrgʻon. Shoxli Iskandar bosqinidan to shoʻrolarning talon-tarojlarigacha hamma azob-uqubatlarni boshidan oʻtkazgan makon. Chinnidek toza havolari, karch-karch choʻqqilari osmonga qadalgan togʻlari, togʻlar quchogʻidagi jannatmonand bogʻlari bilan azal-azaldan odamlarning havasini keltirguvchi dilovar zamin.
Shu joyda, Amir Temir hazratlari ot oʻynatib lolazor qirlarida sayr qilgan, bogʻlar barpo etgan, Bobur Mirzo chashmalari boʻyida maysalarga yonboshlab dilbar gʻazallar bitgan Urgutni X asrda yashagan arab tarixchisi ibn Xovqal qanchalar mehr bilan taʼriflaganini bir eshitib koʻring-a: “Samarqandning janubida Shovdor togʻlari joylashgan. Samarqand atrofida bu boʻluschalik kishi salomatligi uchun toza havoli maskan, serhosil ekinzorlar, eng yaxshi mevazorlar yoʻq. Kishilarining qaddi kelishgan, yorugʻ yuzli. Togʻlari goʻzal. Dalalari doimo ishlatib turiladi”.
Asrlar davomida nigohlarni mahliyo qilgan makon soʻnggi yillarda butunlay qaytadan dunyoga keldi. Ha, onadan qayta tugʻilgandek boʻldi goʻyo. Mening emas, olti yuz mingdan oshiq ahli Urgutning qalb soʻzi, koʻngil bogʻlarida ulgʻaygan faxru eʼtirofi bu. Urgutning ikkinchi hayoti boshlandi oʻtayotgan qisqa yillarda. Shu yillarda yigitdek kuchga toʻldi, oʻsdi, ulgʻaydi, obod boʻldi.
Oʻn emas, yuzlab yirik, juda yirik korxonalar bunyod qilindi. Urgutda ishlab chiqarilgan mahsulotlar esa shu oʻn yillikda dunyoga chiqdi, dunyo odamlarining eʼtiboriga tushdi. Oʻn yil avval vino tayyorlovchi, tamakini fermentatsiya qiluvchi zavod va muzqaymoq bilan kulolchilik sexlaridan boshqasi boʻlmagan manzil mamlakatimizning sanoati eng rivojlangan tumanlari qatoridan joy egalladi.
Bugun kimdir sizga “Urgutda odamning jonidan boshqa hamma narsa ishlab chiqarilyapti”, desa sira hayron boʻlmang. Hademay “Urgutda sunʼiy odamlar yaratilibdi, ular Qizil sayyorani obod qilayotgan emishlar”, degan gaplar ham qulogʻingizga chalinib qolishi mumkin...
3
Mumkin! “Modomiki, Urgutimizning Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdek alloma meʼmori bor ekan, — deyishadi urgutliklar gʻururga toʻlib. — Biz uchun bironta ham boʻlmaydigan ish, ishgʻol qilinmaydigan choʻqqi qolmaydi!”. Zero, “Boʻlmaydi. Boʻlishi mumkin emas!”, deganlari tugul, afsonalarda uchramaydigan mumtoz oʻzgarishlar ham boʻldi-da, axir Urgutda. Bugun ham boʻlyapti, yanayam shiddat bilan davom etadi bundan keyin ham.
Oʻrni kelganda izohlash lozimki, urgutliklarning “Urgutimizning meʼmori — Oʻzbekiston Prezidenti” degan eʼtiroflari oddiy soʻz emas, bir olam haqiqat bor uning zamirida. Viloyat hokimi vazifasida ishlayotgan kezlarida tumandagi muammolarni chuqur oʻrgangan Shavkat Mirziyoyev hali Prezidentlikka nomzod boʻlib turgan kunlardayoq Urgut tashvishlari bilan yashadi. Oʻsha paytda qurigan shuvoqlarni shamollar koptokday dumalatib-oʻynatib yurgan adir va toshloq yerlarda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi. Sakkiz yilda 860 million dollarlik 74 ta loyiha ishga tushdi. Yuzlab ishsizlar ishli boʻldi. Ish qidirib xorijga ketgan yuzlab erkak-ayollar oilasi bagʻriga qaytib keldi. Qator-qator koʻp qavatli uylar qurilishi natijasida necha yuzlab oilalar uyli-joyli boʻldi.
Tasavvuringiz bundan-da tiniqroq boʻlishi uchun bitta misol keltiray. Tumanda “Ferre Group” nomli korxona bor. Dastlab xorijdan keltirilgan butlovchi buyumlar asosida bir necha turdagi maishiy texnika vositalarini yigʻish bilan oʻz faoliyatini boshlagan korxona bugunga kelib, muzlatkich, gaz plita, kichik pech, changyutkich, dudburon va boshqa uy-roʻzgʻor buyumlari, temir eshiklar ishlab chiqarish boʻyicha Markaziy Osiyodagi yirik kompaniyalardan biriga aylandi. Korxona mahsulotlari dunyoning bir necha mamlakatlarida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi bilan xaridorlar diqqatini tortmoqda. Bu yerda yiliga 440 milliard soʻmlik 250 ming dona mahsulot tayyorlanayotgani uning salohiyati qanchalar yuksak ekanini yana bir karra tasdiqlaydi.
— Tadbirkorni qoʻllab-quvvatlamasdan yangi Oʻzbekistonni barpo qila olmaymiz, — dedi Prezidentimiz. — Agar sizlar tinimsiz izlanib, birlashsangiz, Samarqandda kambagʻal degan qatlam qolmaydi. Siz, Oʻzbekiston nomini jahonga tanitishdek sharafli imkoniyatga egasiz.
Yana bir gap, Prezidentimiz tashabbusi bilan dunyoga kelgan va Oʻzbekiston nomini jahonga tanitayotgan bunday korxonalar tumanda oz emas.
Davlatimiz rahbarining niyati esa Urgutni yanada koʻrkam va obod koʻrish. Shu bois, har bir tashrifda oʻnlab tashabbuslar qanot yozadi.
Bu safar tumanning Quyi Kamangaron mahallasidagi “Yangi Oʻzbekiston” massiviga tutash 90 gektar maydonda zamonaviy urbanizatsiya talablari asosida 100 ming aholiga moʻljallangan ekoshahar barpo etish haqidagi xushxabar eʼlon qilindi. Shu xabar yangrayotganda, Urgut poyezdi Samarqanddan qoʻzgʻalgan payti Prezidentimizning mana bu soʻzlari esimga tushib ketdi:
— Urgutga qanday-qanday aniq rejalar, katta sovgʻalar bilan borayotganimni bilasizmi? — degan edi davlatimiz rahbari. — Hali borganda aytaman, eshitasizlar, deya sirli kulib qoʻygan edilar.
Samimiy tabassum “sir”lari voqealar jarayonida yorqin koʻrindi.
— Yangi shaharda yoʻl, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bogʻcha, shifoxona va boshqa infratuzilma obyektlari quriladi, tadbirkorlik loyihalari amalga oshiriladi, — deya davom etdi Prezidentimiz. — Bu yumushlarni amalga oshirish uchun 50 million dollar ajratiladi.
Yangi shaharning 3 gektar maydonida tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona maʼmuriy markaz quriladi.
55 kilometrlik Urgut — Samarqand temir yoʻlining ishga tushirilishi mazkur ishlarni amalga oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Oʻnlab madaniy-maishiy, savdo obyektlari qad koʻtaradi temir yoʻl boʻylarida. Yangi uylar quriladi. Necha yuzlab ish joylari yaratiladi.
Tashrif davomidagi uchrashuvlarda, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Prezidentimiz tomonidan Urgutning kelajagiga doir yana oʻnlab yirik loyihalar tilga olindi. Viloyat iqtisodiyoti va hayotiga doir rejalar tuzildi, “Yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish vazifalari belgilandi.
4
Bunday shodiyonalarga yuzma-yuz kelganda sevinching ichingga sigʻmay ketadi. Ovozing boricha hayqirging keladi togʻlarning baland choʻqqilariga chiqib. Ikki qator misrani qoralash-qofiyalashga qobiliyati borlar esa bilmay qoladi qanday qilib sheʼrlar toʻqib yuborganini:
Doʻstlar, bu kun dunyoning karvonlari oʻzgacha,
Karvonlarning oq-qora sarbonlari oʻzgacha.
Baʼzilarin daʼvosi, titratgaydir samoni,
Baʼzilari olmas tan, hatto qodir Xudoni.
Yeru koʻkda toʻzonlar toʻzgʻigan shul zamonda,
Dunyo ahli yuzlandi Oʻzbekiston tomonga.
Besh ogʻayni bitta musht, arqon boʻlib eshildi,
Besh ogʻayni safiga ozor Sheri qoʻshildi.
Olti karvon bir vujud, bitta koʻzu qosh boʻldi,
Bu muhtasham karvonga Oʻzbekiston bosh boʻldi.
Endi ahli olamning qarashlari oʻzgacha,
Majburdir tan olmoqqa yetti yoshdan yuzgacha.
Oʻzbek desa, bir paytlar, bosh chayqagan taraflar,
Bugun oʻzbek Alpiga yogʻdirmoqda sharaflar.
Bugun oʻzbek, Oʻzbekyurt aylanmoqda burgutga,
Qarang, poyezd keldi-ya, olis qoʻrgʻon Urgutga.
Ishonmasdi hech qachon aytsang biron kishiga,
Kirgan emas bunday baxt odamzodning tushiga.
Bugun oshiq bulbuldek navo keldi Urgutga,
Chashmadek sof, musaffo havo keldi Urgutga.
Ming-ming yillik ertaklar haqiqatga aylandi,
Oʻzbegimning koʻzlari yulduzlarga boylandi.
Boylandi, oltin qanot orzular yulduzlarga,
Oqshomlar aylandilar charogʻon kunduzlarga.
Koʻk oʻpar koshonalar bir-biridan muhtasham,
Hech kim ajablanmaydi kosmodrom qursak ham.
Bugun quyosh misoli chaqnar barcha qorakoʻz,
Qora koʻzlar qaʼrida jaranglaydi bitta soʻz:
— Doʻstlar, jumla-jahonga doston qilib karvonni,
Chamanlarga burkaymiz, Yangi Oʻzbekistonni!
Abdusaid KOʻCHIMOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi