Loyihaga koʻra, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab konsert-tomosha faoliyati bilan bogʻliq barcha xizmatlar Soliq mobil ilovasi orqali roʻyxatga olinadi. Ijrochilar xizmat koʻrsatish joyi va sanasi haqidagi maʼlumotlarni tizimga kiritadi, belgilangan toʻlov amalga oshirilgach esa avtomatik tarzda elektron maʼlumotnoma shakllantiriladi.

2026-yil 1-sentyabrdan 2029-yil 1-yanvarga qadar ijrochilar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini “bir xizmat — bir toʻlov” tamoyili asosida qatʼiy miqdorlarda toʻlaydi. Mazkur tartib mehnat shartnomasi asosida faoliyat yuritayotganlarga tatbiq etilmaydi.

Shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun aylanmadan olinadigan soliq tartibi bekor qilinadi. Mobil ilovaga maʼlumot kiritmaslik yoki belgilangan toʻlovni amalga oshirmaslik litsenziya talablarini qoʻpol buzish deb baholanadi. 2029-yildan boshlab esa soliqlar avtomatik tarzda hisoblanadi, ushlab qolinadi va byudjetga oʻtkaziladi, zarur hollarda mablagʻlar mobil ilovaga biriktirilgan bank kartalaridan yechib olinadi.

Yangi tizimda ijrochilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratiladi. Jumladan, xizmatlar boʻyicha shartnomalarni elektron roʻyxatdan oʻtkazish, tadbirlarni onlayn band qilish, narxlar katalogini shakllantirish va ijrochilar reytingini yuritish imkoniyatlari joriy etiladi. Bu ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamkorligida amalga oshiriladi.

Agar konsert-tomosha xizmatlari boʻyicha maʼlumotlar mobil ilovaga kiritilmasa yoki toʻlov amalga oshirilmasa, bu holat soliq bazasini yashirish deb eʼtirof etiladi hamda ijrochilarga nisbatan shartnoma oʻrtacha qiymatining 20 foizi miqdorida, biroq belgilangan eng kam miqdordan kam boʻlmagan jarima qoʻllanadi. Huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarga undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot beriladi.

Shuningdek, toʻy-marosimlar oʻtkaziladigan joylar, restoranlar, konsert zallari va boshqa maskanlarda ijrochilarning qonuniy faoliyati ustidan muntazam nazorat olib boriladi. 2029-yildan boshlab konsert-tomosha xizmatlari uchun toʻlovlarni faqat naqdsiz shaklda amalga oshirish taklifi ham ilgari surilgan.

Qaror ijrosi uchun masʼul etib madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Soliq qoʻmitasi raisi Fazliddin Poʻlatov belgilangan. Mazkur hujjat jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.