Endi talabalar turar joyiga joylashish muammo emas

    Har gal yangi oʻquv yili boshlanishi bilan talabalar uchun yotoqxona masalasini hal etish dolzarb masalaga aylanadi.

    Chunki oliy taʼlimga talabalar qamrovi oshishi natijasida tabiiyki talabalar turar joyiga boʻlgan ehtiyoj ham oshib boradi. Ushbu ehtiyojni bartaraf qilish maqsadida, oliy taʼlim sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda talabalarni ishonchli turar joylarga joylashtirish, oliy taʼlim muassasalarida 2024/2025-oʻquv yiliga talabalarni munosib kutib olish, oʻquv yilining dastlabki kunlarida talabalarni turar joy bilan tezkor taʼminlash boʻyicha yuzaga keladigan jiddiy muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish uchun keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning 1-avgustidan 10-sentyabrigacha boʻlgan muddat “dolzarb qirq kunlik” sifatida belgilanganligi munosabati bilan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 30-iyul kungi “Oliy taʼlim muassasalari talabalarini turar joy bilan taʼminlash chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi 269-sonli buyrugʻi ijrosini taʼminlash maqsadida institutda Talabalarni talabalar turar joylariga joylashtirish va ijara xonadonlari boʻyicha maʼlumotlar Markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Hozirgi kunda markaz zaruriy barcha jihozlar bilan toʻliq taʼminlandi va 20 nafar tajribali faol volontyorlar biriktirildi. Markazda talabalarni TTJga joylashish tartibi, ijara xonadonlari haqidagi maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Hozirgi kunda institutdagi mavjud 6 ta talabalar turar joyida 1909 ta, 2 ta DXSH asosidagi turar joyda 900 ta oʻrin mavjud boʻlib, 2024-yilning 22- avgust holatiga barcha bosqich talabalari orasidan my.gov.uz interaktiv portali orqali 1120 ta onlayn ariza kelib tushdi. Hozirda 4 ta ustuvorlik boʻyicha arizalar saralash jarayonida.

    Markazda tyutorlar tomonidan aniqlangan 64 ta boʻsh ijara xonadonlari haqidagi maʼlumotlar (ijara xonadoni manzili, egasining ism-sharifi va telefoni, ijara narxi, geolokatsiyasi) eʼlonlar taxtasiga joylashtirildi va institut rasmiy veb-saytiga ham eʼlonlar berildi.

    Bugungi kunda talabalar turar joyi va ijara xonadonlari masalasi yuzasidan markazga murojaat qilayotgan ota-onalar va talabalar oʻz muammo va masalalarini ijobiy hal qilib kelmoqda.

    Maʼlumot oʻrnida shuni aytish joizki, institutda 6 ta talabalar turar joyi va 2 ta davlat xususiy sherikchilik asosida qurilgan talabalar turar joyi 2024/2025 oʻquv yilida talabalar uchun xizmat qiladi. Ushbu talabalar turar joylarida jami 2809 oʻrin mavjud. Xususan, 1-TTJda 296 oʻrin, 2-TTJda 379 oʻrin, 3-TTJda 377 oʻrin, 4-TTJda 384 oʻrin, 5-TTJda 385 oʻrin, 6-TTJda 88 oʻrin, 7-TTJ (DXSH)da 500 oʻrin hamda 8-TTJ (DXSH)da 400 oʻrin sigʻimga ega.

    Qayd etish joizki, bilim talabgorlari oʻquv yilining boshlangʻich davrini ijara uy izlab sarson-sargardon oʻtkazmasligi, keyinchalik ham darslardan chalgʻimay, bemalol oʻqishi, bor diqqat va eʼtiborini faqat va faqat taʼlim olishga qaratishda ularning turar joy bilan qanchalik taʼminlangani muhim omil hisoblanib, bu boradagi ishlarga institut masʼullari alohida eʼtibor qaratgan. Zeroki, yurt kelajagi bilimli, salohiyatli mutaxassislar qoʻlida!

    Sherzod Dehqonov,

    Fargʻona politexnika instituti

    yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy

    ishlar boʻyicha 1-prorektori.