Yoshlar oʻz bilim va salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun esa zamon talablaridan kelib chiqqan holda hayotga yangi tashabbuslar, izchil chora-tadbirlar tatbiq etilmoqda.

Jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk, mustaqil fikrlaydigan, chuqur bilim va dunyoqarashga ega, Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir boʻlgan yosh avlodni tarbiyalashda “Barkamol avlod” bolalar maktablarining oʻrni beqiyos.

Shu bois, Prezidentimizning 2019-yil 30-sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida respublikamizda faoliyat yuritayotgan “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini takomillashtirish maqsadida bir qator tizimli vazifalar belgilab berilgandi.

Joriy yilning 13-aprel kuni yoshlar bandligini taʼminlash va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz yana bir bor “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatiga eʼtibor qaratib, jumladan, bunday dedi: “Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishga eʼtiborni yana-da kuchaytirish zarur.

Bu borada respublika boʻyicha mavjud 215 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi imkoniyatlaridan toʻliq va samarali foydalanish kerak. Bugungi kunda “Barkamol avlod” bolalar markazlari bor-yoʻgʻi 175 ming nafar (3 foiz) yoshni qamrab olgan.

Shu bois, viloyat, tuman va shahar hokimlari oʻn kun muddatda “Barkamol avlod” markazlarida zamonaviy toʻgaraklar ochish va har bir maktabda ularning tarmoq filiallarini tashkil etish orqali qamrovni kamida 3-5 baravar oshirish boʻyicha reja ishlab chiqsin va amalga oshirsin».

Bu vazifalar, oʻz navbatida, hududlardagi hokimliklar bilan birga “Barkamol avlod” bolalar maktablari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.

Hozirgi kunda “Barkamol avlod” bolalar maktablarida 7 yoʻnalishda 65 nomdagi 6 ming 218 ta toʻgarak faoliyat koʻrsatmoqda.

Madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi toʻgaraklarda 28 ming 647 nafar, texnika, konstruktorlik va modellashtirish yoʻnalishida 27 ming 617 nafar, jismoniy tarbiya va sportda 11 ming 594 nafar, hunarmandchilik va qoʻl mehnati yoʻnalishida 60 ming 145 nafar, turizm va ekologiya yoʻnalishida 25 ming 924 nafar, oliy taʼlim muassasalari va maktabga tayyorlov kurslarida 9 ming 543 nafar, xorijiy tillar yoʻnalishida 11 ming 595 nafar, jami 175 ming 65 nafar oʻquvchi-yosh qoʻshimcha bilim olyapti, hunar oʻrganyapti. Ularning 3 ming 691 nafarini imkoniyati cheklangan, 369 nafarini ichki ishlar organlarida profilaktik hisobga turadigan oʻquvchilar tashkil etadi.

“Barkamol avlod” bolalar maktablarining barchasi viloyat va tuman (shahar) markazlarida joylashgan boʻlib, ularga asosan ushbu hududdagi oʻquvchilar jalb etilgan.

Prezidentimizning: «Bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qoʻlidagi telefon tarbiyalamoqda. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, koʻpincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda. Maʼnaviyatimizga mutlaqo begona boʻlgan zararli gʻoyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelyapti. Soat sayin emas, minut sayin kirib boryapti.

Bularning barchasi biz uchun ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlib yangrashi zarur», degan fikrlari zamirida katta va chuqur maʼno bor. Bu, oʻz navbatida, “Barkamol avlod” maktablari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Chunki yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularga maktabdan tashqari vaqtlarida qoʻshimcha bilim va koʻnikmalar berish, madaniy-maʼrifiy tadbirlar orqali navqiron avlodda turli yot gʻoyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, ommaviy madaniyatning turli koʻrinishlariga ergashishning oldini olish, sogʻlom fikrlovchi, oʻz nuqtayi nazariga ega boʻlgan yosh avlodni tarbiyalashda “Barkamol avlod” bolalar maktablari ham masʼul sanaladi.

Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, mavjud muammolarni yechishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. “Barkamol avlod” maktablariga uzoq yillar eʼtibor berilmagani sababli ular faoliyatida ancha muammo va kamchiliklar toʻplanib qolgani sir emas.

Ushbu masalalarga yechim topishda hokimlar jalb etilgani, albatta, quvonarli hol. Bu hududlardagi “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi toʻgaraklar sharoitini yaxshilash, oʻquvchi-yoshlar qamrovini oshirish, turli madaniy tadbirlarni koʻpaytirish imkoniyatini yana-da kengaytiradi.

Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi bunday eʼtibor va imkoniyatdan samarali foydalanadi. Maktablarda zamonaviy toʻgaraklar tashkil etiladi, yangi oʻquv dasturlari tayyorlanadi, har bir oʻquvchi-yosh bilan individual tarzda ishlanadi.

Isteʼdodli bolalarni kashf etish, ularga qoʻshimcha bilim va koʻnikmalar berish, zamonaviy kasb-hunarga yoʻnaltirish jamiyatda ularning oʻz oʻrnini topishiga yoʻl ochadi.

Sevara Mahmudova,

Respublika “Barkamol avlod”

bolalar maktabi direktori