Endilikda mijoz bank tizimidagi korrupsiya holatlari haqida rahbariyatga to'g'ridan-to'g'ri xabar berishi mumkin

    Bu haqda AT Xalq banki tomonidan Milliy matbuot markazida o'tkazilgan matbuot anjumanida xabar berildi.

    Unda aytilishicha, “Quick state” mobil ilovasi tizimda korruptsiyaga qarshi kurashish va qonunbuzilish holatlarini qisqa fursatlarda aniqlash imkonini yaratmoqda. Bunda foydalanuvchi ma'lumotni anonim yoki shaxsini oshkor etgan holda taqdim etishi mumkin.

    Mutasaddilarning ta'kidlashicha, masofaviy xizmat ko'rsatishni tashkil etish maqsadida o'tgan yilning may oyida Jizzax shahrida “Call center” aloqa markazi ishga tushirildi. Ushbu yangi tizim, ayniqsa pandemiya sharoitida aholiga qo'l keldi. Ayni paytda bank mijozlari murojaatlari “Call center” xodimlari tomonidan o'rganilib, to'g'ridan-to'g'ri hal qilib berilmoqda. Qo'ng'iroq qilib navbatga tushib, aloqa o'rnata olmaganlarga markaz operatorlarining qo'ng'iroq qilishlari ham yo'lga qo'yilgan.

    “Call center”da mijozlarga yo'qotilgan plastik kartani bloklash yoki blokdan chiqarish, balansini va o'tkazmalar tarixini bilish, “Humo” plastik kartasi egalariga “SMS xabarnoma” xizmatini yoqish, jismoniy shaxslar kreditlari to'lovi uchun ID raqamlarini bilib berish va chakana kredit mahsulotlariga ariza qabul qilish, hisobraqam qo'shish va yopish, blokka qo'yish va blokdan chiqarish, mobil` telefon o'zgarganda yangi telefonda ilovani aktiv holatga keltirish, yuridik mijozlarga kartoteka qarzdorliklari haqida ma'lumot berish kabi xizmatlar ko'rsatilmoqda.

    Bundan tashqari, bank faoliyatini transformatsiya qilish maqsadida 5 ta xorijiy kompaniya bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. SHu bilan birga, ushbu jarayonga amaliy yordam ko'rsatish uchun xorijdan 7 nafar malakali xorijiy mutaxassis jalb qilindi.

    — 2020 yilda 64 ta “Bank xizmatlari markazi” tashkil etilib, ularning soni 100 taga etkazildi, — dedi bank boshqaruvi raisi o'rinbosari Doniyor Akramov. — Shuningdek, o'tgan yilda “24/7 – kunu tun” rejimida ishlaydigan “elektron ofislar” 184 taga oshirilib, ular soni 308 taga etkazildi. Bundan tashqari, o'z-o'ziga xizmat ko'rsatuvchi 12 dona avtomatlashtirilgan to'lovlarni qabul qilish qurilmasi ishga tushirildi. Bu qurilmalar orqali karta balansini to'ldirish hamda inkassatsiya amaliyoti joriy etildi.

    Jismoniy shaxslar uchun “Oilaviy biznes” mobil` ilovasi ishlab chiqilganini ham aytib o'tish joiz. U orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir davlat dasturlari asosida “onlayn” tarzda ajratiladigan imtiyozli kreditlarni olish imkoniyati yaratilgan. O'tgan yilning fevral` oyida jismoniy shaxslar uchun “Xalq mobile” mobil` ilovasining yangi versiyasi, yuridik shaxslar uchun “Xalq biznes” mobil` ilovasi yaratilgan.

    Bunday yangilanishlar natijasida Xalq banki tomonidan 2020 yilda jami 249 ming 400 dan ortiq mijozning 9 trln. 11 mlrd. so'mlik loyihalari moliyalashtirilib, 86 ming nafardan ortiq aholining bandligi ta'minlangan.