Endilikda ta’lim jarayonlari o‘quvchilarning qobiliyati va tanlovi asosida tashkil etiladi

    Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarga 1-4-sinflarda boshlang‘ich, 5-9-sinflarda tayanch hamda 10-11-sinflarda o‘quvchilarining qobiliyati va tanlovi asosida ta’lim jarayonlarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

    Xususan:

    Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida 1-4-sinf darsliklari yangidan tayyorlandi.

    Yangi darsliklar ta’lim oluvchilarda XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirishda “4K” modelini (tanqidiy fikrlash, kreativlik, kollaboratsiya, kommunikatsiya) qo‘llash orqali o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.

    Boshlang‘ich sinflar uchun 775 nomda yaratilgan darslik va o‘quv-metodik adabiyotlar 72 mln. nusxada chop etilmoqda.

    2023-2024-o‘quv yilidan 124 ta maktabda yuqori sinf o‘quvchilarining qobiliyati va tanlovi asosida ta’lim jarayonlarini tashkil etish tajriba-sinovdan o‘tkaziladi.

    Bunda 5-9-sinf o‘quvchilariga vazirlik tomonidan tasdiqlangan tayanch o‘quv reja asosida tayanch bilimlar beriladi.

    Tanlov fanlari 4 ta yo‘nalish (matematika-fizika, ona tili-chet tili, kimyo-biologiya, matematika-chet tili) bo‘yicha joriy etiladi.

    Yo‘nalishlar o‘quvchilarning qiziqish va qobiliyatini hisobga olgan holda o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida shakllantirildi.

    Belgilangan tayanch o‘quv rejaga muvofiq, 4 ta yo‘nalish bo‘yicha 11 ta majburiy va 2 ta tanlov fani o‘qitiladi.

    Ushbu maktablarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tajribasidan kelib chiqqan holda baholashning yangi tizimi joriy etiladi.

    Tajriba-sinov maktablariga uzluksiz metodik yordam ko‘rsatish maqsadida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar biriktirildi.