Tadbirda Energetika vaziri, Moliya vaziri oʻrinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari, bir qator manfaatdor sohalar vakillari, shuningdek, onlayn shaklda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, qator xalqaro yuridik va auditorlik kompaniyalari vakillari, shuningdek xalqaro ekspertlar va maslahatchilar ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida elektr energetika va neft-gaz tarmoqlarini yana-da isloh qilish boʻyicha yuqorida nomlari keltirilgan xalqaro moliya institutlarining ekspertlari va maslahatchilari ishtirokida tayyorlangan Tavsiyalar va Yoʻl xaritalari muhokama qilindi. Shuningdek, yurtimiz energetika sektorini isloh qilish jarayonida mazkur samarali hamkorlik orqali mamlakatimizda eng yaxshi, zamonaviy va dunyo tajribalarini joriy etish imkoniyati yaratilayotgani taʼkidlandi.
Ekspertlar tomonidan taʼkidlanganidek, energetika sektorida bunday keng koʻlamli islohotlarning amalga oshirilishi korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, bozor mexanizmlariga oʻtish, isteʼmolchilarga arzon va kafolatlangan elektr energiyasi va gaz yetkazib berishni koʻzda tutuvchi xizmatlar sifatini oshirish, energetika sanoati barqarorligiga erishish, energiya resurslarini samarali ishlab chiqarish va ulardan foydalanish imkonini beradi.
Muhokamalar davomida davlat energetika korxonalarini xususiylashtirish mavzusiga ham toʻxtalib oʻtildi. Xalqaro maslahatchilar liberallashtirish har doim ham xususiylashtirishni anglatmaydi, bunga puxta yondashish, birinchi navbatda, buning uchun zarur Qonunchilik bazasini yaratish zarurligini alohida taʼkidladilar.
Xalqaro moliya institutlari vakillari energetika sohasida taklif etilayotgan islohotlarni amalga oshirishda kelgusida texnik yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.