Energetika vaziri Oʻzbekiston diplomatik missiyalari rahbarlari bilan uchrashdi

    Energetika 14 Yanvar 2021 484

    2021-yil 14-yanvarda Energetika vaziri Alisher Sultanovning Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik missiyalari rahbarlari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda mamlakatimiz yoqilgʻi-energetika kompleksi sohasida xalqaro investitsiyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek yangi imkoniyatlar muhokamasi asosiy oʻrin tutdi.

    Muzokaralarda Oʻzbekistonning qariyb 30 nafar Favqulodda va muxtor elchilari ishtirok etdi.

    Xususan, uchrashuv chogʻida “500 kV li Surxon-Puli-Xumri elektr uzatish tarmogʻi qurilishi (Afgʻoniston) loyihasi boʻyicha kelishuv ijrosi, turk kompaniyalari bilan hamkorlikda quvvati 940 MVt boʻlgan 4 ta yangi IES qurilishining borishi, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Fransiya va boshqa davlatlar kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) loyihalari qurilishlarining borishi muhokama qilindi.

    Energetika vazirligi tomonidan Oʻzbekiston diplomatik missiyalari bilan hamkorlikda YOEK sohasida koʻzda tutilgan loyihalarni tezkorlik bilan amalga oshirish maqsadida bu va boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Bugungi kunda mazkur hamkorlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va Oʻzbekiston energetika sohasi uchun yangi boʻlgan davlat-xususiy sherikligiga asoslanadi.

    DXSH asosidagi loyihalar ijrosi doirasida, xususan quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi boʻyicha tenderda ishtirok etish boʻyicha 80 tagacha potensial xorijiy investor ariza topshiryapti, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.