Energetika vazirligi Adju universiteti bilan kadrlarni tayyorlash sohasida oʻzaro hamkorlik qiladi

    Ta'lim 28 Iyun 2022 2826

    Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Koreya Respublikasining Toshkent shahridagi Adju universiteti oʻrtasida kadrlar tayyorlash sohasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Tomonlar quyidagi sohalarda hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar va ilgari suradilar:

    Umumiy manfaatga doir masalalar yuzasidan maʼlumotlar, tajriba va amaliyot almashish, vazirlik va uning tizim tashkilotlarining mutaxassislarga boʻlgan talabi asosida Adju universiteti bilan kelishilgan holda kadrlarni tayyorlashni bosqichma-bosqich joriy etish, universitetning tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalarni 2-kursdan boshlab vazirlik va uning tizim tashkilotlarida malakaviy amaliyotlari oʻtkazilishini tashkillashtirish hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish boʻyicha hamkorlik qiladilar;

    Vazirlik tomonidan elektrotexnika va kompyuter injiniringi sohalarining istiqbolda kadrlar tayyorlashga buyurtmalarini shakllantirish, bitiruvchilarga qoʻyiladigan malakaviy talablarni hamkorlikda ishlab chiqish, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida integratsiyani chuqurlashtirish uchun hamkorlikda ilmiy maqolalar tayyorlash va ularni nashr qilish, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar va boshqa turdagi tadbirlarni oʻtkazadilar;

    Professor-oʻqituvchilar, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot salohiyati va faoliyatidan unumli foydalangan holda ularni rivojlantirishga koʻmaklashiladi;

    Amaliy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida taʼlim jarayoniga vazirlikning malakali mutaxassislari jalb qilinadi;

    Sohadagi eng soʻngi nazariy bilim va oʻzgarishlar bilan oʻrtoqlashish maqsadida universitet professor-oʻqituvchilari vazirlikka jalb qilinadi;

    Hamkorlikni rivojlantirib borish jarayonida iqtidorli va ijtimoiy-iqtisodiy yordamga muhtoj talabalarni moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlar yoʻlga qoʻyiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.