Energetika vazirligining maʼlum qilishicha, hozirgi kunda “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi AYOQSHlarda AI-80 rusumli avtobenzinning narxi oshirilmagan va uning 1 litri 6 800 soʻmligicha saqlanib qolmoqda.
Shuningdek, AI-92 markali avtobenzin 9500 soʻmdan va AI-95 markali avtobenzin 10 500 soʻmdan sotilmoqda.
Bugungi kunda respublika neftni qayta ishlash zavodlarida sutkasida 4 000 tonnadan avtobenzin ishlab chiqarilib, birja savdolari orqali isteʼmolchilar ehtiyojlari uchun yoʻnaltirilmoqda. Bundan tashqari avtobenzin zaxirasi yetarli ekanligini maʼlum qilamiz.
Shu bilan birga, xususiy tadbirkorlar tomonidan qoʻshimcha avtobenzin importi amalga oshirilib kelinmoqda. Joriy yil boshidan bir oyda oʻrtacha 10 ming tonna avtobenzin import qilinmoqda.
Bundan tashqari, xom-ashyo importi hajmlarini oshirish hisobiga avtobenzin ishlab chiqarish va birja savdolariga qoʻyib borilayotgan avtobenzin hajmlarini oshirish choralari koʻrilmoqda.