Ijtimoiy tarmoqlarda Farg'ona viloyatining O'zbekiston tumanida elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorligi mavjud iste'molchilarga tegishli chora ko'rilmayotgani to'g'risida murojaat e'lon qilindi. Ushbu murojaat bo'yicha Energetika vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Bidirilishicha, O'zbekiston tumanida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi “Great Silk Road Servis” MCHJ (“Greksil”)ning bugungi kunda foydalangan elektr energiyasidan 1 761,3 million so'm qarzdorligi mavjud bo'lib, uni undirish maqsadida “Farg'ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan 2022-yil 26-sentyabr kuni “O'zaro hisob-kitoblarni tartibga solish va qarzdorlikni bartaraf etish” yuzasidan talabnoma taqdim etilgan.
“Greksil” tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi to'lovni o'z vaqtida amalga oshirmagani uchun jamiyat tomonidan 30-sentyabr kuni elektr tarmoqlaridan o'chirilib, elektr energiyasi yetkazib berilishi to'xtatilgan.
Shuningdek, “Greksil” korxonasi yetkazib berilgan tabiiy gazdan 2022-yil 16-sentyabr holatiga 517 million so'm qarzdorligi sabab, shu kunning o'zida tarmoqdan uzilgan.
2022-yil 19-sentyabr kuni qayta nazorat qilingan vaqtda, o'zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib olingani aniqlangan.
Holat yuzasidan “O'zbekistontumangaz” gaz ta'minoti bo'limi tomonidan joyida dalolatnomalar tuzilib, tabiiy gaz tarmog'idan uzilgan. Shuningdek, 16 ming 956 kub metr tabiiy gaz sarfi qayta-hisob qilib berilgan.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdor yirik iste'molchilarni aniqlash yuzasidan hududlar bo'ylab tizimli ravishda nazorat tadbirlari olib boriladi va qarzdor iste'molchilar tarmoqdan ajratiladi.