2021-yil 29-aprelda Energetika vazirligida Fransiya taraqqiyot agentligining (FTA) Toshkentdagi vakolatxonasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Gender harakati rejasini amalga oshirish bo‘yicha Energetika vazirligining «Yo‘l xaritasi»ni rejasini amalga oshirish masalasi muhokama etildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mazkur yo‘nalishda ishlash uchun Energetika vazirligining Gender tengligi Kengashi tashkil etilib, uning tarkibi va kengash raisi saylangan.

Yoqilg‘i-energetika kompleksi va uning korxonalari faoliyati o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, bu sohadagi ishlarning ko‘pgina qismi jismoniy mehnat, xususan, burg‘ulash, o‘rnatish va payvandlash hamda boshqa shu kabi mehnat turlari bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan gender tengligi nuqtai nazaridan yoqilg‘i-energetika sektori tizimida gender tengligi masalasida miqdoriy ko‘rsatkichlar bo‘yicha boshqa sohalardan past bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, yoqilg‘i-energetika sohasi mutaxassislarining kasbiy faoliyatlari bo‘yicha tizim tashkilotlarida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ular orasida faoliyat yuritayotgan malakali mutaxassislar ko‘rsatkichlari yuqori darajaga ega.

Energetika vazirligi tomonidan sohada erkaklar va ayollar uchun teng huquq, imkoniyat va mas’uliyatlarni yaratish ustuvor vazifa bo‘lib qolyapti. Shu bilan birga, energetika sohasida ayollar menejerlari soni yildan-yilga ortib boryapti. Bugungi kunga kelib 480 nafardan ortiq xotin-qizlar boshqaruv va mas'ul lavozimlarda faoliyat yuritib boryapti va 100 dan ortiq kadrlarning istiqbolli zaxirasi kiritilgan.

Qayd etilishicha, Energetika vazirligi tomonidan qabul qilingan gender tengligi rejasini amalga oshirish bo‘yicha ham miqdoriy, ham sifat ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash maqsadida faol ish olib borilyapti. Shu munosabat bilan genter tengligi yo‘nalishiga, jumladan, xorijiy nufuzli ekspertlarni jalb etish rejalashtirilgan.

Uchrashuv davomida FTA vakillari Energetika vazirligi tomonidan qabul qilingan Gender harakati rejasiga qiziqish bildirib, uni amalga oshirish uchun «Yo‘l xaritasi»ni amalga oshirishga, jumladan, gender masalalari bo‘yicha fransuz ekspertlarini jalb etish orqali munosib hissa qo‘shish niyatini bildirdilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.