Energetika vazirligi 200 kVt·soat oylik bazaviy meʼyor boʻyicha rasmiy bayonot bilan chiqdi

    Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda aholi uchun 2024-yil 1-maydan joriy qilingan elektr energiyasi isteʼmolining 200 kVt·soat oylik bazaviy meʼyori keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

    Ushbu holatlar boʻyicha Energetika vazirligi quyidagilar maʼlum qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarori bilan joriy yil 1-maydan boshlab, maishiy isteʼmolchilarga elektr energiyasi uchun bir oylik isteʼmolning “bazaviy meʼyorlari” tasdiqlangan.

    Bundan asosiy maqsad isteʼmolchilarda elektr energiyasi isteʼmoli samaradorligini oshirish, Davlat tomonidan aholining xarajatini qoplashga ajratilayotgan mablagʻlarni toʻgʻri va manzilli taqsimlash hamda yoqilgʻi-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda taʼminlash hisoblanadi.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan tahlillarga koʻra, 2024-yilda respublika aholisi tomonidan jami 21,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi isteʼmol qilinishi rejalashtirilgan. Shundan, yil davomida oʻrtacha oylik isteʼmoli 200 kVt·soatgacha boʻlgan isteʼmolchilar jami abonentlarning 60 foizini tashkil etadi.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda elektr energiyasi isteʼmoli yil davomida keskin oʻzgarmasligini inobatga olib, yil davomida bir xil bazaviy meʼyor joriy qilingan.

    Birinchidan, hozirgi vaqtda 1 kVt·soat elektr energiyasining tannarxi 895 soʻmni (QQS bilan 1 002 soʻmni) tashkil etadi.

    Aholiga yetkazib berilayotgan har bir kVt·soat elektr energiya uchun bazaviy meʼyor doirasida 552,4 soʻm, 201 kVtdan 1000 kVt·soatgacha esa 102,1 soʻm davlat tomonidan har bir isteʼmolchiga qoplab berilmoqda.

    1 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari 741,93 soʻmni, transportirovka xarajati 57,8 soʻmni, taqsimlash va sotish xarajatlari 202,4 soʻmni tashkil etadi.

    Bunda, davlat 200 kVtgacha elektr energiyasi isteʼmol qilgan aholi (isteʼmolchilarning 71 foizi) uchun 447,0 mlrd soʻm, 201-1 000 kVtgacha elektr energiyasi isteʼmol uchun 30,2 mlrd soʻm qoplab bermoqda.

    Ikkinchidan, bazaviy meʼyor bu elektr energiyasining bir oyda 200 kVt·soatgacha boʻlgan isteʼmol hajmi hisoblanib, ushbu isteʼmol doirasida barcha maishiy isteʼmolchilar har bir kVt·soat uchun “imtiyozli” narxda yaʼni 450 soʻm (QQS bilan)dan haq toʻlaydilar.

    Tahlillarga koʻra, joriy yil iyun oyida 71 foiz aholi 200 kVtgacha elektr energiyasi isteʼmol qilganligi aniqlandi. Bundan koʻrinadiki, isteʼmolchilarning 71 foizi belgilangan limit doirasidan chiqmagan.

    Shu bois, yaqin istiqbolda isteʼmolchilarga qoʻllanilayotgan oylik 200 kVt·soatgacha boʻlgan bazaviy meʼyor miqdori oshirilishiga asos mavjud emas.

    Uchinchidan, 22 foiz isteʼmolchi 201 kVt·soatdan 1000 kVtgacha isteʼmol qilgan va 900 soʻmdan haq toʻlagan. Bunda elektr energiyasi isteʼmoli 201 kVt·soatdan 300 kVtgacha boʻlgan isteʼmolchilar salmogʻi 11 foizni tashkil etgan.

    Maʼlumot uchun: 300 kVt·soatgacha elektr energiyasi isteʼmol qilganlar toʻliq 900 soʻmdan haq toʻlamaydi. Bunda 200 kVt·soatgacha 450 soʻmdan, qolgan 100 kVt·soatga 900 soʻmdan toʻlaydi. Yaʼni, 300 kVt elektr isteʼmol qilganlarga nisbatan ham narxlar keskin oshmagan (bazaviy meʼyordan ortiqcha 100 kVt isteʼmol uchun 45 000 soʻm (100*450) qoʻshimcha toʻlagan). Bunda ushbu 900 soʻmlik taʼrif ham elektr energiyasining tannarxidan kam.

    Toʻrtinchidan, qolgan 7 foiz aholi 1001 – 10 000 kVt·soat elektr energiyasi isteʼmol qilib, 1 350 soʻmdan toʻlovlarni amalga oshirgan.

    Bunday xonadonlar subsidiyaga muhtoj boʻlmagan, birlamchi ehtiyojlardan tashqari qoʻshimcha qulayliklarga ega shaxslar, xususan, elektromobil(lar)i, hovlisida basseyn, fontan, koʻplab yoritkich jihozlari yoki qimmatbaho boshqa elektron maishiy qurilmalari mavjud xonadonlar hisoblanadi.

    Taqqoslash uchun: 1 000 kVt·soat elektr energiyasi isteʼmol qilgan 1 ta xonadon tejamkor va energiya samarador 10 ta isteʼmolchi, 10 000 kVt·soat elektr energiyasi isteʼmol qilgan 1 ta xonadon esa tejamkor 100 ta isteʼmolchi isteʼmoliga toʻgʻri keluvchi isteʼmolni amalga oshirishi maʼlum boʻldi.

    Beshinchidan, respublika boʻyicha jami 1,1 mlrd kVt·soat elektr energiyasi isteʼmol qilingan.

    Shundan isteʼmolchilarning 71 foizi 200 kVtgacha elektr energiyasi isteʼmol qilgan va ular jami isteʼmolning 40 foizini tashkil etadi.

    Yana 11 foiz isteʼmolchi 201 – 300 kVtgacha elektr energiyasi isteʼmol qilgan va ular jami isteʼmolning 19 foizini tashkil qiladi, 301 – 500 kVtgacha isteʼmolchilar jami isteʼmolning 20 foizini isteʼmol qilgan.

    Bunda 500 kVt va undan koʻp elektr energiyani isteʼmol qiluvchilar atigi 3,7 foiz boʻlib, ular jami elektrning 21 foizini isteʼmol qilmoqda.

    Oltinchidan, ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 204-son qarori bilan isitish mavsumida (noyabr – fevral oylarida) bir qancha kompensatsiya turlari taqdim etilmoqda. Xususan:

    – Ijtimoiy himoya milliy agentligi AT “Xalq banki” bilan birgalikda noyabr oyida 270 ming soʻm bir martalik moddiy yordam oʻtkazib beradi;

    elektr energiyasi uchun oyiga bazaviy meʼyordan ortiq foydalanilgan 150 kVt·soatgacha isteʼmol uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.

    Bunda kompensatsiya toʻlovlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali toʻlab beriladi.

    Masalan, elektr energiyasi uchun oylik isteʼmoli 350 kVt·soat boʻlgan ehtiyojmand xonadon 200 kVt·soatdan oshgan 150 kVt·soatgacha 67 ming soʻm miqdorda kompensatsiya oladi.

    Endilikda Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiyalar toʻgʻridan-toʻgʻri faqatgina ehtiyojmand oilalar, nogiron va haqiqatda muhtojlar uchun yoʻnaltiriladi.

    Yettinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda elektr hisoblagichlar aholiga ortiqcha isteʼmol va pul hisoblayotganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar tarqalmoqda.

    Ushbu murojaatlarning har biri Energetika vazirligi hamda tizim tashkilotlari tomonidan alohida nazoratga olinib, har bir murojaat joyiga chiqqan holda mualliflar ishtirokida oʻrganilmoqda.

    Oʻrganish jarayonida isteʼmolchilarga murojaatlari yuzasidan tushuntirishlar berilib, texnik sabablarga koʻra yuzaga kelgan xatoliklar aniqlanganda toʻliq bartaraf etilmoqda.

    Shuni aytish kerakki, oshib boruvchi tariflar qoʻllanilishi natijasida isteʼmolchilarning elektr energiyasi tejamkorligi oshdi. Buning natijasida tizimga yuklamalar kamayib, aholining elektr energiyasidan uzilishlari va avariyalar soni ham kamayib bormoqda.

    Maʼlumot uchun: oʻtgan yil yoz mavsumining iyun-iyul oylarida yagona energetika tizimida 210 mln kVt·soat majburiy cheklov (iyun – 35 mln kVt·soat, iyul – 175 mln kVt·soat) kiritilgan. Joriy yilning iyun oyi va iyul oyining shu kuniga qadar isteʼmolchilarga barqaror ravishda, cheklovlarsiz (avariyaviy holatlar va dasturlar asosidagi rejali taʼmirlash ishlaridan tashqari) elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

    Hozirgi paytda vazirlikning tizim idoralarida va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda avariyalarning oldini olish hamda ular yuzaga kelganda tezkor bartaraf etilishini taʼminlovchi guruhlar (brigadalar) ham faoliyat olib bormoqda.

    Xalqimizni uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlash bosh maqsadimiz hisoblanadi.