Unda Oʻzbekiston Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari Azim Axmedxadjayev va “Honeywell” kompaniyasi vitse-prezidenti Norm Gilsdorf, shuningdek, “Honeywell” kompaniyasining Turkiya va Markaziy Osiyo boʻyicha prezidenti Uygar Doyuran ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari taʼkidlaganidek, mazkur hujjatlar Oʻzbekiston Energetika vazirligi va uning tizimidagi tashkilot va ishlab chiqarish obyektlarining korporativ boshqaruvning sifat jihatidan yangi bosqichiga oʻtishiga zamin yaratish imkonini beradi. Bu jarayon, xususan, sanoat obyektlarini, noishlab chiqarish bino va inshootlarini raqamlashtirish, transport va transport infratuzilmasini raqamlashtirish va boshqalar boʻyicha yechimlarni oʻz ichiga oladi.

A.Axmedxadjayev “Honeywell” kompaniyasi Oʻzbekistonda avtomatlashtirish va raqamlashtirish sohasida keng tajribaga ega va ishonchli hamkor sifatida qabul qilinishini taʼkidladi.

Energetika vazirligi mamlakat yoqilgʻi-energetika kompleksi (YOEK) uchun raqamli transformatsiya dasturini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi, uning doirasida keng qamrovli xalqaro hamkorlik, jumladan, “Honeywell” kompaniyasi bilan hamkorlik olib borilyapti. Bu yoʻnalishda Energetika vazirligi va “Honeywell” mutaxassislarining birgalikdagi faoliyatining yaxshi natijalari allaqachon yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, birinchi aniq natijalari 2022-yilda kutilyapti.

Norm Gilsdorf taʼkidlaganidek, 2021-yilda “Honeywell” va Oʻzbekiston Energetika vazirligi oʻrtasidagi hamkorlik mamlakat yoqilgʻi-energetika kompleksini raqamli transformatsiyalashda ishtirok etish hisobiga yangi bosqichga koʻtariladi.

Joriy yilning sentyabr oyida Energetika vazirligi delegatsiyasi Dubaydagi “Honeywell” shtab-kvartirasida amaliy tashrif bilan boʻlib, u yerda sanoatni raqamlashtirish boʻyicha yechimlar toʻplami bilan batafsil tanishdi. Yagona raqamli infratuzilma va dasturiy-apparat platformasi konsepsiyasini amalga oshirishda sunʼiy intellekt (II), mashinani oʻrganish (ML) va sanoat buyumlari interneti (IIOT) texnologiyalaridan foydalaniladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Shuni qoʻshimcha qilish kerakki, “Honeywell” bilan Oʻzbekiston energetika sohasidagi hamkorlik 1991-yildan keyin “Honeywell” kompaniyasining avtomatlashtirish tizimlari bilan jihozlangan Buxoro va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodlari loyihalari bilan boshlangan. Keyinchalik, Oʻzbekistonda Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi va gaz qazib olish va tashish sohasidagi boshqa loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik davom ettirildi. Ayni paytda sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish boʻyicha UzGTL zavodi loyihasi boʻyicha hamkorlikda ishlar olib borilyapti.