Energetika vazirligida yoqilgʻi-energetika sohasi obyektlarining qish mavsumida ham barqaror ishlashi, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gazdan samarali hamda oqilona foydalanish borasida joylarda olib borilayotgan targʻibot va profilaktika ishlarining holati koʻrib chiqildi.
Videoselektor shaklida oʻtkazilgan mazkur yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, Bosh prokuratura masʼullari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar hamda viloyat hokimliklari mutasaddilari ishtirok etdi.
Yigʻilishda eng asosiy maqsad – qish mavsumida ham aholi va ijtimoiy soha obyektlari (sogʻliqni saqlash, maktabgacha va maktab, oliy taʼlim muassasalari, issiqlik elektr stansiyalari va hokazo) hamda iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash ekanligi alohida taʼkidlandi va bu borada korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning hozirgi holati tanqidiy muhokama qilindi.
Shu bois, barcha masʼullarga ishlab chiqarish va yetkazib berish obyektlarining ishonchli ishlashini taʼminlash, shu bilan bir qatorda, energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish ishlarini jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.
Energetika vazirligi va tizim korxonalari kuz-qish davrini betalafot oʻtkazish maqsadida joylarda rahbar-xodimlardan iborat kunu tun navbatchilik tashkil etilgani, avariyalarning oldini olish va bartaraf etish brigadalari tashkil qilinib, ular yetarli miqdorda maxsus texnikalar, zaxira materiallari hamda himoya vositalari bilan taʼminlangani aytib oʻtildi.
Shuningdek, barcha obyektlarda 24/7 ish rejimiga oʻtilgani alohida qayd etildi va bu borada Ishchi guruhlar joylarda ishlarning borishini doimiy nazorat qilishi taʼkidlandi.