Bunda, soha obyektlarini 2022/2023-yillar kuz-qish davriga toʻliq tayyorlash, isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash ishlarining bugungi kundagi holati muhokama etildi. Yigʻilishda birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Xususan:

— Energiya resurslari taʼminotini nazorat qiluvchi doimiy Shtab faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

— Energetika vazirligi dispetcherlik markazi tomonidan tizim korxonalari dispetcherlik xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishni yoʻlga qoʻyish;

— Mavsumda energiya resurslarini birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish. Bunda qish mavsumida tabiiy gaz yetkazib berilishi kafolatlanmagan isteʼmolchilarni tarmoqdan ajratish (issiqxona, gʻisht zavod, ohak sexi, umumiy ovqatlanish joylari va boshq.);

— Koʻcha chiroqlarini toʻliq quyosh panellari orqali yoritilishini taʼminlash boʻyicha normativ hujjat tayyorlash, bunda yangi massivlar qirilishiga alohida eʼtibor berish;

— Tarmoqda nosozlik sabab kuzatilgan yoki kuzatilishi mumkin boʻlgan uzilishlar toʻgʻrisida hamda ularni bartaraf etilishi boʻyicha aholini ogohlantirish;

— Ijtimoiy soha obyektlari (maktab, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, shifoxonalar va h.k.)ning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini qayta nazoratdan oʻtkazish;

— Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash tadbirlarini kuchaytirish;

— Korxonalarni moliyalashtirish ishlarini yaxshilash va sohaga investitsiya kiritish ishlarini jadallashtirish;

— Energiya tejamkorlik boʻyicha barcha tizimlarda ishlarni olib borish.

Yigʻilishda neft-gaz korxonalari tomonidan qazib chiqarish koʻrsatkichlarining pasaytirib yuborilganligi qattiq tanqid qilindi hamda “Oʻzbekneftgaz” AJga rejadagi koʻrsatgichlarni yil oxiriga qadar toʻliq bajarish va choralar koʻrish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanayotgan isteʼmolchilarni aniqlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani, shu bilan birga ayrim xodimlarning bu holatlarga yoʻl qoʻyib berayotgani tanqid ostiga olindi.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda yana bir ogʻriqli masalaga alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, aholi xonadonlarida har yili is gazidan zaharlanish holatlari uchrayotgani va ayrim hollarda insonlarning vafot etishi kechirib boʻlmas holat ekanligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda, “Hududgaztaʼminot” AJga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berishda isteʼmolchilarga xavfsizlik qoidalarini, aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarining taʼsirchanligini oshirish, ijtimoiy tarmoqlarda targʻibot ishlarini kuchaytirish lozimligi boʻyicha alohida topshiriq berildi.

Respublikaning olis hududlarida sovuq kunlari gaz bosimining pasayib ketish hollari kuzatilganligi koʻrsatib oʻtildi. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirigʻi berildi.

Kuz-qish davrini betalafot oʻtkazish maqsadida hududiy gaz taʼminoti korxonalarida 244 ta, elektr tarmoqlari korxonalarida 439 ta avariyaga qarshi brigada tashkil etilishi va ularni nosozliklarni tiklash zaxiralari bilan taʼminlash ishlarini joriy yil 10-oktyabrgacha toʻliq yakunlash belgilab berildi.

Yigʻilishda kuz-qish davrida isteʼmolchilarga jami 30,6 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi yuzasidan topshiriq berildi. Shundan 10,4 milliard kub metr hajmda aholi isteʼmolchilariga va 20,2 milliard kub metri – iqtisodiyot tarmoqlariga yetkaziladi.

Shu bilan birga aholi isteʼmolchilarining ehtiyojidan kelib chiqib, joriy yil yakuniga qadar 12,7 ming dona qoʻshimcha maishiy gaz balloni yetkazib berish lozimligi belgilandi.

Shuningdek, olis va borish qiyin boʻlgan qishloq (ovul)larda koʻmir, suyultirilgan gaz zaxirasini yaratishda 447 ta mahalla (ovul) fuqarolar yigʻinidagi 168 mingdan ziyod xonadonga 10 693 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishini taʼminlash choralari koʻriladi.

Qish mavsumida ijtimoiy tarmoqlarda koʻmir taʼminoti boʻyicha aholining noroziligi uchrab turishi, ayniqsa yetkazib berilayotgan koʻmirning sifat darajasi pastligi tanqid qilindi. Shu maqsadda koʻmir mahsulotining sifatiga alohida eʼtibor berish lozimligi, isteʼmolchilarga mahsulotni saqlash qoidalari va foydalanish yuzasidan koʻrilishi kerak boʻlgan choralarni tushuntirish lozimligi taʼkidlandi.

2022-yil yanvar-sentyabr oylarida koʻmir sanoati korxonalari tomonidan 3 million 882 ming tonna (99%) koʻmir mahsulotlari qazib chiqarilib, 14 million 329 ming kub metr (53%) kon ustini ochish ishlari bajarilgan xolos. Ushbu ishlarni jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

15-sentyabrdan boshlab bugungi kungacha aholi isteʼmolchilariga 144 ming tonna (16%) koʻmir mahsuloti yetkazib berilgan. Yil yakuniga qadar 882 ming tonna koʻmir mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Qayd etildiki, elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarini taʼmirlashda amalga oshirilgan ishlarga qaramay, taʼminotda uzilishlar kuzatilayotgani, buning natijasida isteʼmolchilarning haqli eʼtirozlari yuzaga kelyapti.

Shu bois, isteʼmolchilarga elektr energiyasini barqaror yetkazib berish maqsadida joriy yil yakuniga qadar 11 ta magistral podstansiya modernizatsiya qilinib, ularning quvvatini 1 616 MVAga, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini esa 1 515 MVtga oshirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish lozimligi taʼkidlandi.

Kuz-qish davrida respublika isteʼmolchilariga jami 34 milliard 918 million kilovatt-soat (oʻtgan kuz-qish mavsumiga nisbatan 2 milliard 540 million kilovatt-soatga koʻp) elektr energiyasi yetkazib berilishi yuzasidan topshiriq berildi. Mavsum davomida aholiga 10 milliard 938 million kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib beriladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.