Anjumanda energetikaning joriy holati va istiqbollari, energiya samaradorligi, energetikada raqamli texnologiyalarning qoʻllanishi, energiya va resurs tejamkorligi, issiqlik energetikasi, elektr energetikasi va suv-energetika muammolari; atom energetikasi; muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energetikaning ekologik muammolari yoʻnalishlarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar muhokama qilindi.

Yigʻilishning maqsadi elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash hamda undan oqilona foydalanish borasida mavjud muammolarni muhokama qilish va bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va olingan natijalar hamda elektr energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalasi boʻyicha tajriba almashishga qaratildi.

Mamlakatimiz energetiklar oldiga 2030-yilga borib elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmini 120 mlrd kVts.ga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Bu esa bugun ishlab chiqarilayotgan 70 mlrd kVts.dan ikki barobar koʻp demakdir. Bu vazifa atom elektr stansiyasini qurish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish orqali yechilishi mumkin. Energetika tizimidagi bu kabi islohotlar Oʻzbekiston Respublikasining muayyan qonunlari, Prezidentimizning tegishli farmon, qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.

Anjumanda Germaniya, Rossiya, Qozogʻiston, Yaponiya, Belarus, Janubiy Koreya davlatlaridan sohaning yetakchi olimlari va mahalliy olimlar oʻz ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etdi. Ilmiy muhokamalar 22-dekabrgacha davom etadi.