Energiya tejovchi texnologiyalar oʻrnatilmagan uy -joy va inshootlar foydalanishga qabul qilinmaydi

    Fargʻona viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi Beshariq tumani, “Fayziobod” MFY, Oltin vodiy koʻchasida joylashgan 5-MTT binosiga qoʻshimcha xonalar qurish obyektida olib borilgan oʻrganishlar natijasida bino loyiha smeta hujjatlarida energiya samaradorlik talablariga toʻliq rioya etmaganligi aniqlandi.

    Bu yerda ikkilamchi hamda qayta tiklanuvchan energiya resurslaridan foydalanish talablari koʻzda tutilmagan. Deraza romlarini oynalari 2 qavatlidan 3 qavatliga oʻzgartirilmagan, isitish radiatorlari orqa tomonlariga issiqlik qaytaruvchi himoya materiallari oʻrnatilishi belgilanmaganligi maʼlum boʻldi. Mutasaddilar yuqoridagi kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar qurilish-montaj ishlarini vaqtinchalik toʻxtatish boʻyicha koʻrsatma berdi.

    – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentyabrda “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan, — deydi Fargʻona viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boʻlim boshligʻi Dilmurod Safarov. Endilikda, 2023-yil 1-yanvardan boshlab yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan barcha (shu jumladan, davlat va xususiy) bino-inshootlarini loyihalashtirish va ishga tushirishda issiq suv isteʼmoli hajmining kamida 25 foizi ushbu obyektlarda oʻrnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanishini belgilangan.

    Oʻrganishlar jarayonida “Yakkatut” MFY, Yakkatut qishlogʻi Navroʻz koʻchasida “Beshariq Rayhon” oilaviy korxonasi tomonidan davlat xususiy sherikchilik asosida mahalla fuqarolar yigʻini binosi qurilish ishlari noqonuniy amalga oshirayotganligi ham aniqlandi. Tadbirkor Muhiddin Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun obyektni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”ning 5-bandi talablariga zid, yaʼni, qurilish-montaj ishlarini boshlash toʻgʻrisida xabarnoma yubormasdan qurilish ishlari olib borayotgani aniqlandi.

    Inspeksiya mutaxassislari qurilish ishlarini toʻxtatib, Oʻzbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks”ning 99-moddasi 7-qismi bilan belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtirdi.

    Rasuljon Kamolov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.