Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova ochib berdi.
Konferensiyada energiyasamaradorlik, kam uglerodli texnologiyalar, qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohasida dunyoda yetakchi o‘rinlarga ega bo‘lgan Mitsubishi Hyeavy Industries (Yaponiya), AplusS onsult (Germaniya), lean Horizon (Fransiya), Phosphoris (Fransiya), Jahon banki, USAID (AQSh), JICA (Yaponiya), Severstal (Rossiya), Energetika va infratuzilma vazirligining vakolatli vakili (Chief Innovation offier) (Birlashgan Arab Amirliklari) va boshqa tashkilotlarining mutaxassislari tomonidan energiya samaradorlik, «yashil» vodorod energetikasi, ekologik xavfsiz qayta tiklanuvchi energiya manbalari mavzusida taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi Tarmoq korxonalarida innovatsion ekotizimni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Berdiev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Materialshunoslik instituti direktori Odilxo‘ja Parpiev va respublikamizda ushbu yo‘nalishda yuqori tajribali olimlarimiz O‘zbekiston Respublikasida vodorod energetikasining rivojlanishi holati bo‘yicha taqdimotlar bilan ishtirok etdi.
— Ayni paytda «yashil» vodorod texnologiyalari sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biridir, — dedi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova. — 2030-yilgacha mamlakatimizda umumiy quvvati mos ravishda 5 000 MVt va 3 000 MVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning ulushi ishlab chiqarish stansiyalarining umumiy o‘rnatilgan quvvatining 25 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. O‘zgaruvchan ishlab chiqarish quvvatlari ulushining bunday o‘sishi mamlakat elektr energiya tizimiga integratsiya qilish, energiyani zaxiralashda vodorod texnologiyalarini yaratish va qo‘llash uchun muayyan sharoitlarni talab etadi.
Mazkur tadbirda Yaponiya, AQSh, Germaniya, Fransiya davlatlaridan spikerlar hamda Jahon banki xalqaro tashkilotining ekspertlari energiya samaradorlik, uglerodsiz energetika, «yashil» vodorod energetikasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari yo‘nalishida o‘zlarining taqdimotlari bilan qatnashdi.
Konferensiya doirasida mahalliy xomashyolardan uglerod tolalarini olishda katta quyosh pechi energiyasidan foydalangan holda tajribalarni tashkil etish va namunalarni yaratish, energiyani saqlashda gidroakkumulyasiya texnologiyalarni yaratishda Yaponiya tajribasini qo‘llash, Jahon banki ekspertlari hamkorligida past uglerodli va «yashil» vodorod texnologiyalarini rivojlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, vodorod texnologiyalarining texnik-iqtisodiy samaradorligini hisoblashga Fransiyaning granti «Phospnoris» kompaniyasini jalb etish, Yaponiyaning Mitsubishi Hyeavy Industries kompaniyasi ekspertlari bilan hamkorlikda Qarshi magistral kanal nasos stansiyalari kaskadida chastota o‘zgartirgich qo‘llagan holda energiyasamadorligini oshirish loyihasini amalga oshirish, past uglerodli hamda vodorod energetikasi sohasida Mitsubishi Hyeavy Industries kompaniyasining texnologik yechimlari bo‘yicha hamkorlikni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh shakllantirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.