Musobaqa 16–18-mart kunlari AQSHning Missisipi shtatidagi Camp Shelby harbiy-oʻquv bazasida boʻlib oʻtdi. Unda harbiylarimiz AQSH Milliy gvardiyasining maxsus boʻlinmalari bilan kuch sinashdi.
Bellashuv doirasida ishtirokchilar 13 ta murakkab shart boʻyicha sinovdan oʻtdi. Ular orasida jismoniy tayyorgarlik (8 mashqdan iborat fitnes test), toʻsiqlar yoʻlagi, tunda 15 km oriyentatsiya, 20 kg yuk bilan 20 km marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik testlari, insho yozish, artilleriya olovini boshqarish, qurollarni yigʻish va qoʻllash, tibbiy tayyorgarlik hamda vertolyot orqali operatsiyalar kabi vazifalar mavjud boʻldi.
Ayniqsa, quyidagi natijalar eʼtiborga loyiq:
- jamoaviy bahsda 20 kg yuk bilan 20 km masofa — 1 soat 48 daqiqa;
- Turdimurod Avlayev toʻsiqlar yoʻlagini — 10 daqiqa 34 soniyada;
- Ilhom Salomov tunda 15 km oriyentatsiyani — 59 daqiqada bajardi.
Muhimi, harbiylarimiz ushbu shartlarning barchasida musobaqa rekordlarini yangiladi.
Yakunda ular musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlandi. Oʻzbekiston harbiylari ushbu nufuzli bellashuvda 2019-yildan buyon muntazam ishtirok etib, har safar mutlaq ustunlik bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritib kelmoqda.
Maʼlumot uchun, 22-mart kuni gʻoliblar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.