Eng koʻp deponentlangan mualliflik huquqi obyektlari – Fargʻona davlat universitetida!

    Ta'lim 21 Fevral 2023 1219

    Maʼlumki, har qanday mualliflik obyekti muallif tomonidan qonuniy asosda boshqarilishi va tasarruf etilishi mumkin. Buning uchun dastlabki qadam mualliflik obyektiga nisbatan davlat muhofazasini qoʻllash, yaʼni ushbu obyektni deponentlash muhim hisoblanadi.

    Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, 2023-yil 1-apreldan boshlab mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari majburiy tartibda mualliflik huquqi obyektlarining yagona bazasida saqlanishi, yagona bazani yuritish, texnik taʼminlash hamda mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonini muvofiqlashtirish Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi tomonidan amalga oshirilishi, saqlovga qabul qilinganligi toʻgʻrisida hujjat obyektning elektron nazorat nusxasi Yagona bazaga kiritilgandan soʻng taqdim qilinishi belgilangan.

    Intellektual mulk markazi tomonidan oʻtkazilgan tahliliy hisobotlarga koʻra, 2022-yilda deponentlangan mualliflik huquqi obyektlarining soni 1395 tani tashkil qilib, shulardan 1065 tasi oliy taʼlim muassasalariga tegishlidir. Kuzatuvlar natijasiga koʻra, oliy taʼlim muassasalari orasida eng koʻp deponentlangan mualliflik huquqi obyektlari Fargʻona davlat universitetiga toʻgʻri kelmoqda.

    Deponentlash uchun topshirilayotgan mualliflik huquqi obyektlarining katta qismini oliy taʼlim tizimida foydalanish uchun moʻljallangan oʻquv-uslubiy, oʻquv-texnik qoʻllanmalar, darsliklar formatidagi elektron dasturlar tashkil etadi.

    Eʼtirof etish zarurki, Fargʻona davlat universitetida mualliflik huquqi obyektlarini deponentlash koʻrsatkichi oxirgi ikki yilda sezilarli darajada oʻsib bormoqda. Bu esa universitetning intellektual mulk salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan faoliyat koʻlamini yaqqol koʻrsatib berdi.