Eng nafosatli, oqila va oʻz kasbida ilgʻor ayollar munosib taqdirlandi

    Mamlakatimizda 27 Dekabr 2021 1708

    Kecha Oʻzbekiston ayollari uchun unutilmas kunlardan biri boʻldi. Poytaxtimizdagi Hilton mehmonxonasi koʻp yillar yurtimiz rivoji yoʻlida halol va fidokorona mehnat qilgan, ayni paytda davlatimiz rahbari boshchiligida Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan eng faol, munis va muhtarama ayollar, zabardast va jonkuyar yurtdoshlarimiz, parlament aʼzolari, vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, jamoat tuzilmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, xorijiy va xalqaro hamkorlar, mehnat faxriylari, tadbirkorlar, jurnalist va blogerlarni bir yerga jamladi.

    Oliy Majlis Senati tashabbusi bilan Gender tenglikni taʼminlash komissiyasi tomonidan tashkil etilgan “Nafosat”, “Gender tenglik faoli” va “Yil ayoli” milliy koʻrik tanlovlari gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tabrik soʻzi bilan ochib berdi.

    Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular oʻz salohiyatini toʻla namoyon etishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, turmushini farovon qilish, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, gender tenglikni taʼminlash, bir soʻz bilan aytganda hayotdan rozi boʻlib yashashlari yoʻlida tizimli islohotlar amalga oshirilib, huquqiy asos mustahkamlanmoqda.

    Oʻz vaqtida belgilab olingan vazifalar va koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida katta katta ijobiy natijalarga erishilmoqda. Bugun boshqaruv lavozimlaridagi shaxslar hamda tadbirkorlarning uchdan bir qismi aynan ayollar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Siyosiy partiyalarda xotin-qizlar salmogʻi 44 foizni, parlament quyi palatasida 32 foizni, Senatda 25 foizni mahalliy Kengashlar aʼzolarining esa qariyb uchdan bir qismini (31 foiz) ayollar tashkil etmoqda. “Siyosatdagi ayollar” jahon reytingida Oʻzbekiston oxirgi ikki yilda dunyo parlamentlari orasida 130-oʻrindan 45-oʻringa koʻtarilib, top-50 talikdan joy oldi.

    Yuqorida qayd etilgan fikrlar, keltirib oʻtilgan raqamlar va istiqbolga belgilangan rejalar zamirida minglab, millionlab opa-singillarimizning taqdiri, ularning tinch-totuv, toʻkin hayoti, orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarish, bir soʻz bilan aytganda ayolni baxtli qilishdek ulugʻvor maqsad yotibdi. Shu jihatdan qaraganda, bugungi “Yil ayoli”, “Gender tenglik faoli” va “Nafosat” koʻrik-tanlovlarini ushbu yoʻnalishdagi ishlarning oʻziga xos sarhisobi deyish mumkin.

    Shundan soʻng, barcha uchun eng hayajonli, unutilmas onlar boshlandi. Birin-ketin gʻoliblar nomi eʼlon qilindi.

    Dastlab, “Nafosat” respublika koʻrik tanlovi gʻoliblari taqdirlandi. Bugun turli tashkilotlarda faoliyat koʻrsatayotgan xotin-qizlarning kiyinish uslubini yanada takomillashtirish, ular oʻrtasida milliy va zamonaviy, mentalitetimizga mos liboslarni keng targʻib qilish, xotin-qizlarning kiyinish madaniyatiga yangi uslub va tamoyillarni joriy qilishda faol qatnashgan quyidagi ayollar taqdirlandi:

    Aziza Sayfullayeva – Toshkent viloyati

    Sitora Ergasheva– Buxoro viloyati

    Gavharoy Joʻraqulova – Surxondaryo viloyati

    Dilnaz Adilchayeva – Qoraqalpogʻiston Respublikasi

    Shahlo Rahmatova – Jizzax viloyati

    Shahnoza Gʻulomova – Toshkent shahri

    Gulnoza Aslonova – Navoiy viloyati

    Amina Kuliyeva – Samarqand viloyati

    Muattarxon Toshmatova – Fargʻona viloyati

    Noila Erkinova – Namangan viloyati

    Odina Eminova – Andijon viloyati

    Nafisa Rahmonova – Xorazm viloyati

    Dilrabo Eminjanova – Sirdaryo viloyati

    Shundan soʻng, “Gender tenglik faoli” gʻoliblari sahnaga taklif etildi. “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol huquqni muhofaza qiluvchi organ” nominatsiyasida Adliya hamda Ichki ishlar vazirliklari, “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol davlat organi” nominatsiyasida esa, Mudofaa vazirligi gʻolib deb topildi. “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol hokimlik” yoʻnalishi Samarqand viloyatiga, “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tashkilot” nominatsiyasi Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinatiga nasib etdi. “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol NNT” yoʻnalishi boʻyicha

    “Toʻmaris” ayollar va yoshlar markazi, “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tadbirkorlik subyekti” nominatsiyasida Xorazm viloyatidagi “Shovot tekstil” MCHJ yuqori oʻringa sazovor boʻldi. “Gender tenglikni targʻib qilishga qaratilgan eng yaxshi radio dastur” Qoraqalpogʻiston teleradiokanali Bosh muharriri Gulnaz Nurbekovaga, “Gender tenglikni targʻib qilishga qaratilgan Internetdagi eng yaxshi veb-sayt” “Oʻzsanoatqurilishbanki” rasmiy veb-sayti jamoasiga topshirildi. “Gender tenglikni targʻib qilishga qaratilgan Internetdagi eng yaxshi axborot portal” nominatsiyasida “Human.uz” axborot portali muxbiri Nargiza Yunusova gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

    Marosimda “Yil ayoli – 2021” respublika tanlovining gʻoliblari nomi ham eʼlon qilindi. Unga koʻra,

    1-oʻrin Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-son Otorinolaringologiya kafedrasi mudiri, Tibbiyot fanlari doktori, dotsent, Nasriddinova Mahzuna Taxsinovnaga, 2-oʻrin Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlim boshligʻi Sharopova Dilfuza Qudratovnaga 3-oʻrin Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahri, “Mevazor-Saodat” ishlab chiqarish kooperativi boshligʻi Nizomova Saodat Kenjayevnaga nasib qildi. Birinchi oʻrin sohibasi “Aziya-Alyans bank” tomonidan 20 million soʻmlik vaucher bilan ham taqdirlandi.

    “Yil ayoli” koʻrik-tanlovining gran-pri gʻolibasiga prezident sovgʻasi tantanali topshirildi. Koʻrik-tanlov gʻolibi deb topilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Kegeyli tumani “Orzu” fermer xoʻjaligi raisi Saliyeva Palzada Jiyenbayevnaga prezident sovgʻasi — avtomobil tantanali topshirildi.

    Ushbu tanlovlar mamlakatimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshib kelayotgan, yuksak maʼnaviyatli, oila va farzand tarbiyasida ibrat, oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan tizim nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari boʻlgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni jamoatchilikka yaqindan tanishtirish, ilgʻor ish tajribasini ommalashtirish, professional salohiyati, ishbilarmonlik, raqobatbardoshlik sifatlari va bilim darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsad qilingan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.