Eng namunali mahalla raislariga Toj-Mahalga sayohat yoʻllanmasi beriladi

    Mamlakatimizda 2 Mart 2021 1123

    Ohangaron shahar hokimi Akram Eshonqulovning maʼlum qilishicha, shahardagi eng namunali uchta mahalla raislariga Hindistonning Agra shahriga sayohat, jumladan, Toj-Mahalga yoʻllanma beriladi.

    Unga koʻra, konkurs doirasida joriy 1-martdan boshlab uch oy davomida mahallalarning obodonlik darajasi, madaniy-maʼrifiy faolligi, jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi tadbirlar, yoshlar va ayollar bilan ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi qator koʻrsatkichlar boʻyicha baholanadi.

    “Biz davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan islohotlar mahalladan boshlanadi, degan tamoyil asosida ishimizni tubdan qayta koʻrib chiqyapmiz. Shahrimizdagi 21ta mahalla kesimida mavjud muammolarni oʻrganib, tahlil qilib, tegishli dastur ishlab chiqamiz. Bunda bizga Toshkentdan kelgan ishchi guruh – Toshkent shahar Olmazor tumani hokimligi, Tashqi ishlar vazirligi va «Ipoteka” banki vakillari yaqindan yordam bermoqda», deya taʼkidlagan hokim.

    Shuningdek, Akram Eshonqulov konkurs haqida izoh bergan.

    “Biz oʻz oldimizga qoʻygan maqsadga erishish uchun faqat talab qilish emas, balki ragʻbatlantirish tamoyillariga ham amal qilyapmiz. Shu maqsadda eng namunali mahallalar raislarini aniqlash uchun konkurs eʼlon qildik. Konkursda birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinni olgan gʻoliblarga Hindistonning Agra shahridagi mashhur tarixiy obida - dunyoning yetti moʻjizasidan biri hisoblangan Toj-Mahal ziyorati uchun yoʻllanma beriladi”, degan u.