Poytaxtimizda ommaviy axborot vositalari uchun “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi Oʻzbekiston Milliy arxivi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Arxiv ishi hududiy boshqarmalarining 2020-yilda amalga oshirgan ishlari va 2021-yil uchun moʻljallangan ustivor vazifalar boʻyicha hisobotlari taqdimot boʻlib oʻtdi.

Matbuot anjumani boshlanishidan avval ommaviy axborot vositalari vakillari uchun arxiv hujjatlari asosida tayyorlangan turli davrga oid alohida qimmatli hujjatlar koʻrgazmasi namoyish etildi.

Mazkur koʻrgazmada eng qiziqarli va noyob hujjatlardan biri, IX asrga tegishli Somoniylar davriga oid vaqf hujjati hamda XV asrga tegishli Amir Temur vaqf qilgan hujjatlari hisoblanadi. Davriyligi va qadimiyligi bilan Xiva xonligi, Qoʻqon xonligi hamda Buxoro amirligi devonxonalari vaqf hujjatlari, shoʻrolar davriga tegishli arxiv tizimi tarixini yorituvchi, Chor Rossiyasi davrida boshqaruvda boʻlgan general-gubernatorlar qarorlari, farmonlari kabi hujjatlar oʻrin egallagan. Koʻrgazmaga qoʻyilgan eski oʻzbek yozuvidagi hamda rus tilidagi hujjatlardagi maʼlumotlar tadbir ishtirokchilarida qiziqish oʻygʻotdi va mutasaddilar tomonidan hujjatlar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar berildi.

Anjumanida Oʻzbekiston Milliy arxivi direktori Dilbar Zakirova 2020-yilda arxiv ishlarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar hamda 2021-yilgi asosiy ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berdi.

Jumladan, Oʻzbekiston Milliy arxivida 2020-yil davomida koʻrsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 1 milliard 321,0 million soʻmni tashkil etdi.

Olingan daromadlar, asosan, hujjatlarni ilmiy-texnik tartibga keltirish, jamlash manbai tashkilotlarining meʼyoriy-uslubiy hujjatlarini tayyorlash, shartnoma asosida vaqtinchalik saqlovga qabul qilish, oʻquv zali tadqiqotchilariga hujjatlardan nusxa berish, mavzuli soʻrovlarni bajarish hisobidan tushirilib, arxivning moddiy texnika bazasini rivojlantirishga va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga qaratildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlari saqlovini taʼminlash boʻyicha 28 ming 590 varaq taʼmirlandi, hujjatlarni (murakkab) restavratsiya qilish boʻyicha 4891 ta, hujjatlarni muqovalash va tikish boʻyicha 1176 ta yigʻmajild varaqlari boʻyicha amalga oshirildi, 13 ta tashkilotlardan 8422ta boshqaruv hujjatlari hamda fuqarolardan oʻrnatilgan tartib boʻyicha 1 167 saqlov birligida shaxsiy kelib chiqish hujjatlari davlat saqloviga qabul qilinganligi, oʻtgan yil davomida fuqarolarning arxiv hujjatlari asosidagi 25 ming 753 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi soʻrovlari koʻrib chiqilgan.

2021-yilda Oʻzbekiston Milliy arxivi tomonidan pullik xizmatlar koʻrsatish hajmini koʻpaytirish, arxivning moddiy-texnik bazasini yana-da rivojlantirish, hujjatlar saqlovini taʼminlash jarayonini zamonaviy texnik va texnologik jihozlash, sohaga axborot kommunikatsion texnologiyalarni keng jalb etish, arxiv hujjatlarini elektron koʻrinishga oʻtkazish ishlarini yana-da jadallashtirish, Oʻzbekiston Milliy arxivining halqaro xamkorlik doirasida olib boradigan ishlarni yana-da rivojlantirish, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish, arxiv ishi yagona axborot tizimini takomillashtirish hamda arxivda saqlanayotgan shaxsiy tarkibga oid fondlarni qamrab olgan maʼlumotlar bazasini kengaytirish kabi dolzarb vazifalar belgilandi.