Turmushimizni maishiy texnika vositalarisiz tasavvur qilish qiyin. Oddiy muzlatkichdan tortib, televizor, elektron qurilmalargacha bari xonadon uchun zarur bo'lgan elektrotexnika vositalari hisoblanadi. Yurtimiz sanoatida eng yosh bo'lgan bu tarmoq tez sur'atlarda rivojlanib, odamlarning elektron texnikalarga bo'lgan talabi ortib boryapti. Birgina misol, Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilda O'zbekistonda 100 ta uy xo'jaligiga 108 ta muzlatkich, 165 ta televizor, 290 ta mobil telefon to'g'ri kelmoqda.
Iqtisodiy sakrash iborasini shu tarmoqqa nisbatan qo'llash ayni muddao — keyingi 5 yilda elektrotexnika sanoatida 11,1 barobar o'sishga erishildi. Zamon shiddati va erkin bozor mexanizmlarining tez rivojlanishi mazkur sohaning barqaror odimlashiga sabab bo'lyapti. Natijada tarmoqning respublika sanoatidagi ulushi ham ortib bormoqda. Bu ko'rsatkich 2016-yilda 1,4 foizni tashkil etgan bo'lsa, joriy yil yakuniga qadar 5 foiz, 2023-yilda esa 8 foizga yetishi ko'zda tutilgan.
“Elektrotexnika” atamasi ilk bor 1879-yilda germaniyalik muhandis, tadqiqotchi Werner von Siemens tomonidan qo'llanilganda, bu kabi qurilmalardan insonlar endigina foydalana boshlagandi. Ammo qisqa vaqtda elektr va elektrotexnika vositalari zamonaviy sivilizatsiya hayotiga jadal kirib bordi. Bugun esa jamiyat hayotining barcha jabhalari, qolaversa, insonlarning turmush tarzi elektrotexnika vositalari bilan chambarchas bog'langan. Ulardan o'qishda, ishda, uyda doimiy tarzda foydalanmiz. Hech bo'lmaganda, mobil telefon hamma vaqt yonimizda.
— Mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga jiddiy e'tibor qaratilayotgani boisi ham shundan, — deydi “O'zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov. — Bundan 5 yil oldin yurtimizda 1,5 trillion so'mlik elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo'lsa, 2021-yilning 9 oyi davomida bu raqamlar 12 trillion so'mni tashkil etdi, yil yakuniga borib ko'rsatkichni qariyb 17 trillion so'mga etkazish rejalashtirilgan. Istiqbolli tarmoqda elektrotexnika sanoati korxonalari soni ham yildan-yilga ortib boryapti. 2016-yilda ular soni 97 tani tashkil etgan bo'lsa, bugungi kunga kelib respublikada 900 dan ziyod ana shunday korxonalar faoliyat yuritmoqda.
Yirik brendlar bilan hamkorlik
Muhimi, sohadagi yuqori o'sish ko'rsatkichlarini odamlar o'z hayotida sezyapti. So'nggi yillarda elektrotexnika mollari bozorida o'zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko'payib borayotgani ko'zga tashlanadi. Quvonarlisi, o'tgan davr mobaynida milliy brend ostidagi arzon va sifatli elektron qurilmalar, maishiy texnika vositalariga xalqimizning talab va ishonchi ham oshib bormoqda.
Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi yirik va zamonaviy texnoparkda shunday mahsulotlarning ko'plab turlari ishlab chiqariladi. Hozirgi vaqtda bu yerda umumiy qiymati 365 million dollardan ziyod 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda. O'tgan yili bu yerda elektron gaz hisoblagichlar, maishiy sovitkichlar, sanoat konditsionerlari va sovitish tizimlari, suv nasoslari, lift va eskalatorlar, forma va qoliplar ishlab chiqarishga oid oltita loyiha ishga tushirilgan.
Majmua faoliyati yo'lga qo'yilgan ilk davrlardanoq xorijning mashhur brend kompaniyalarini jalb qilishga alohida e'tibor qaratildi. Birgina misol, 2019-yili “Samsung” kompaniyasi bilan birgalikda 62 million dollarga teng, yillik quvvati 1 million dona bo'lgan maishiy sovitkichlar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilgan edi. Mana shu bitta korxonaning o'zi 2020-yilda 5 million dollarlik mahsulotni Rossiya va Qozog'istonga eksport qildi.
Shuningdek, texnoparkda Xitoyning “Shanghai Mitsubishi” kompaniyasi bilan hamkorlikda lift va eskalatorlar, “Whirlpool China” kompaniyasi bilan kir yuvish mashinalari, Yaponiyaning “Shivaki” brendi ostida respublikada qishloq xo'jaligi mahsulotlari uchun 500 kilogrammdan 3 000 tonnagacha mahsulot saqlash sig'imiga ega maxsus muzlatkich omborxonalari, Italiyaning “Petro Fiorentini” kompaniyasi bilan hamkorlikda yillik quvvati 3,5 million dona bo'lgan elektron gaz hisoblagichlar ishlab chiqarilmoqda.
Yurtimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor va berilayotgan imtiyozlar, bu borada qabul qilingan bir qancha huquqiy hujjatlar natijasida hududlarda yirik loyihalar yo'lga qo'yilib, yangi mahsulot turlari ishlab chiqarilyapti. Toshkent shahridagi “Moderna keramic” MCHJ korxonasida ham O'zbekistonda ilk bor elektromotoroller, elektroskuter va uning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Loyiha qiymati 44,1 milliard so'm bo'lgan ushbu ob'ekt uchun 2,7 million AQSH dollari miqdorida xorij investitsiyasi jalb qilingan. Hozirda korxona tomonidan yiliga 1 ming 200 dona elektromotoroller hamda ularning ehtiyot qismlari chiqarilyapti. Elektromotorollerning asosan 2 ta modeli — 500 kilogramm va 1 tonnalik yuklarni ko'tarishga mo'ljallangan turlari tayyorlanadi. Ular elektr quvvati bilan soatiga 50-60 kilometr tezlikda harakatlanadi. Zavodda ishlab chiqarishning 70 foizi mahalliylashtirishga erishilgan. Hozir bu yerda 20 dan ortiq kishi doimiy ish bilan ta'minlangan. Tadbirkor Bahrom Karimovning aytishicha, loyihaning uchinchi bosqichida elektr mini traktorlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. Hozirda xitoylik hamkorlar bilan mazkur loyiha ustida ish olib borilyapti.
O'zbekiston brendi yangi bozorlarda
Har bir soha va tarmoqdagi o'zgarish, avvalo, bozorda namoyon bo'ladi. elektrotexnika sanoati haqida gap borganida, sohada eksport bilan shug'ullanadigan korxonalar soni ortib, mahalliy mahsulotlarimiz nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham o'z o'rnini topayotganini ta'kidlash joiz. Oddiy misol, 2016-yilda 11 ta elektrotexnika korxonasi mahsulotlarni xorijga eksport qilgan bo'lsa, 2021-yilda ularning soni 46 taga yetdi. 2017-yilda xorijga mahsulot eksport qilish hajmi 189,7 million dollarni tashkil etib, 2021-yilda bu 500 million dollardan oshishi kutilmoqda. Joriy yilda umumiy eksport rejasining 226 million dollarlik qismi MDH mamlakatlari hissasiga to'g'ri keladi. Bu borada 7 barobar o'sishga erishilgan.
Eksport geografiyasi sezilarli ravishda kengayib, an'anaviy bozorlarga qo'shimcha ravishda Yaman, Birlashgan Arab Amirliklari, Suriya, Tanzaniya va boshqa shu kabi davlatlarning bozorlari o'zlashtirildi, 37 ta mamlakat bozori milliy brend ostidagi mahsulotlarimiz uchun ochildi. GSP+ imtiyozlaridan foydalangan holda, Yevropaning Vengriya, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa yangi bozorlariga chiqish imkoniyatlari yaratildi.
Sohadagi muhim masalalarning huquqiy asoslar bilan hal etilishi, eksportyor korxonalar uchun transport xarajatlarini qisman qoplash mexanizmi, logistika xarajatlarining pasaytirilishi mahalliy tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib, xorijlik ishbilarmonlarni jalb etishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, og'ir pandemiya sharoitida ham yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan qarorlar, davlatning moliyaviy kafilliklari, subsidiyalar, transport xarajatlarini qoplash bilan bog'liq imtiyozlar, soliq va bojxona tizimidagi qator engilliklar tufayli tarmoqda yuqori natijalar qayd etilmoqda. 2021-yil 2-martdagi “elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarorining sohaga doir muhim hujjatlardan biri deyish mumkin. Ushbu hujjat bilan barcha korxonalarga faoliyat yuritishlari, ishlab chiqarishni kengaytirishlari va eksport hajmlarini oshirishlari uchun shart-sharoit va qator imtiyozlar berildi.
Yana shunday imkoniyatlar tufayli yurtimizda ish boshlayotgan xalqaro brendlar soni ortib bormoqda. Xususan, chet ellik bir qator tadbirkorlar viloyatlarimizda ishlab chiqarish korxonalarini rivojlantiryapti. Xorijlik ekspertlar, mutaxassis va ishbilarmonlar tarmoqning turli yo'nalishlaridagi hamkorliklar borasida ijobiy fikrda.
— Hozir ulkan transformatsiya, olg'a odimlash va islohotlar jarayonlarida davom etayotgan O'zbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirish biz uchun ham manfaatli, — deydi Buyuk Britaniyadagi global aloqa bo'yicha mutaxassis eleanor Kramers. — Ayni paytda elektrotexnika sanoatidagi tadqiqot va ishlanmalarga faol ravishda sarmoya kirityapmiz. Innovatsiyalar, yangi mahsulot va ishlanmalarni qo'llab-quvvatlayapmiz. Buning uchun mamlakatdagi muhit a'lo darajada. O'zbekistonda servis markazlari va xizmatlarimiz soni ortdi. Bizda yosh kadrlarni xorijga o'qishga yuborish imkoniyatlarimiz ham bor. Yoshlar u yerda tajriba o'rganib qaytadi. Bu esa hamkorligimizni yanada kengaytirish, yangi bosqichga olib chiqishga yo'l ochadi.
Industrial texnoparklar tashkil etiladi
Chindan, elektrotexnika sohasidagi potentsialimiz hali yuqori. Birgina yashil energetika yo'nalishida amalga oshirilayotgan gigant loyihalar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yiliga kamida 1 milliard dollarlik yangi bozorlarni ochib beradi. Elektrotexnika klasterini tashkil etish uchun puxta zamin yaratib, minglab yangi ish o'rinlariga yo'l ochadi. Bundan 5 yil ilgari sohada band bo'lganlar 6 785 nafarni tashkil etgan bo'lsa, bugun ularning soni 27 ming nafarga etishi kutilmoqda. Shundan 87 foizini yoshlar tashkil etadi.
Xorazm viloyatidagi Xazorasp erkin iqtisodiy zonasidagi maishiy texnika vositalari uchun elektr dvigatallari ishlab chiqarish zavodida mehnat qilayotgan Jasur Karimov mutaxassislardan ish o'rganib, hozir texnikalarni boshqarishga ancha qo'li kelishib qolgan. Zavod uyiga yaqin bo'lgani bois, avvalgi ish joyidagi kabi bu yerga qatnashga qiynalmaydi. Olayotgan daromadi bilan oila ro'zg'origa hissa qo'shayotgan yosh yigit kelgusida elektrotexnika yo'nalishida tahsil olib, o'z tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishni maqsad qilgan.
Elektr dvigatallari ishlab chiqarish to'liq mahalliylashtirilgan ushbu zavodning ishga tushishi natijasida hududdagi Jasur singari 200 nafar yigit-qizning bandligi ta'minlandi. “Future industry systems” MCHJ korxonasi tomonidan esa 2021-yilda maishiy texnikalar uchun elektrodvigatellar ishlab chiqarish loyihasi doirasida yiliga qiymati 13,2 million dollarlik import optimallashtirilishiga erishiladi. Bir so'z bilan aytganda, erkin iqtisodiy zonada shunday loyihalarning ishga tushirilishi orqali yangi turdagi mahsulotlar o'zlashtirilib, sohada mahalliylashtirish darajasi oshmoqda. Respublika hududiga import asosida olib kelingan ko'pgina mahsulotlarni o'zimizda ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yilyapti. Xususan, gaz hisoblagichlar, 360 litr hajmli “No Frost” muzlatkichlari, elektrodvigatellar, suv nasoslari va gidrantlar, ID kartalar, aqlli uy tizimi kabilar milliy brendlarimiz ostida bozorlarga chiqmoqda.
— Avvallari, elektrotexnika sanoatiga oid loyihalar asosan Toshkent shahri va Toshkent viloyati hissasiga to'g'ri kelgan, — deydi Mirziyod Yunusov. — Joriy yildan boshlab, loyihalarning 70 foizi eng chekka hududlarga kirib bormoqda. Birgina Samarqand viloyatida 7 ta loyiha amalga oshirilyapti. Oldin bu yerlarda maishiy texnika ishlab chiqaradigan korxonalar bo'lmagan. Andijon viloyatining o'zi bugungi kunda katta yutuqlarga erishyapti. 5 yil oldin biz Toshkent viloyatidan boshqa hududlarda “Premier”, “Ferre”, “Ideal”, “S-Smart”, “Rosso” kabi yangi milliy brendlar ostida o'zimizning mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yiladi, deb o'ylamaganmiz.
“Urgut erkin iqtisodiy zonasi”da “Sam-Ferre” korxonasi tomonidan “Ferre” brendi ostida konditsioner, gaz plita va elektr pechlar, “Sam Elektro Servis” korxonasida gaz plita va elektr pechlar uchun ishlatiladigan butlovchi qismlardan maxsus oyna va reshetkalar ishlab chiqarish to'liq o'zlashtirildi.
Farg'ona, Andijon va Namanganda elektrotexnika sanoati korxonalari soni oldingi yillarga qaraganda 4-5 barobar ortib, yangi yo'nalishlarga asos solinmoqda. Andijon viloyatining Xo'jaobod tumanida akkumulyator ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan bo'lsa, Shahrixon tumanida kabel mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona ish boshladi. Ishlab chiqarishda kabel-sim mahsulotlari tayyorlash murakkab hisoblansada, bunday korxonalarning bir nechtasi Farg'ona viloyatining Farg'ona va Qo'qon shaharlarida, Buvayda va Dang'ara tumanlarida ham ishga tushirilgani mazkur yo'nalishda tajriba va imkoniyatlar kengayib borayotganidan dalolat beradi. Yil yakuniga borib, Farg'onada ilk marotaba elektroskuterlar ishlab chiqarish boshlanadi.
Qashqadaryo viloyatida 2018-yildan elektrotexnika sanoati yo'nalishida yangi davr boshlandi, deyish mumkin. Bu erda ilk marotaba “Biss electroniks” MCHJ tomonidan yillik quvvati 25 ming dona bo'lgan maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Hozirda korxona kengayib, boshqa turdagi mayda maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarish ustida ishlayapti. e'tiborlisi, zavod kichik bo'lishiga qaramasdan, 50 nafarga yaqin hudud yoshlarini ish bilan ta'minlagan.
Mazkur korxonalarning eksport salohiyatini oshirish, sertifikatlash va xalqaro standartlarni qabul qilish tadbirlari, xorijiy ko'rgazmalarda qatnashish, savdo uylari tashkil etish maqsadida “O'zeltexsanoat” uyushmasi huzurida faoliyat olib borayotgan maxsus jamg'arma mablag'laridan foydalanilmoqda. Hozirga qadar “elektrotexnika sohasini rivojlantirish jamg'armasi” tomonidan 3 milliard so'mdan ortiq mablag' soha taraqqiyoti yo'lida yo'naltirildi. Jarayonda 20 ta tarmoq korxonalari Evropa Ittifoqi mamlakatlarida talab etiladigan “SE” markirovkasini tasdiqlovchi sertifikatlarga ega bo'ldi.
Tarmoqda amalga oshirilayotgan ana shunday yirik loyihalarda mis xomashyosidan keng foydalanilayotgani bejiz emas. Mis – issiqlik va elektr quvvatini eng yaxshi o'tkazuvchi hisoblangani bois, jahonda oxirgi 5 yilda undan foydalangan holda, elektromobillar ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi. Agar oddiy avtotransport vositasini tayyorlash uchun 8 kilogrammdan 20 kilogrammgacha mis ishlatilsa, elektromobilda bu ko'rsatkich 83 kilogrammgacha etadi. Bu o'zgarishlar yurtimizda ham keyingi yillarda misga bo'lgan ehtiyojning bir necha barobar ko'payishiga olib keladi.
Joriy yilning o'tgan davrida elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan 24,8 ming tonna mis xomashyosi qayta ishlandi. Yil yakunida bu ko'rsatkichni 55 ming tonnaga etkazish imkoniyati mavjudligi ta'kidlanmoqda. Endilikda, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish maqsadida hududlarda elektrotexnika sanoatiga ixtisoslashtirilgan industrial texnoparklarni tashkil etish ko'zda tutilgan. Bu parklar barpo etilganidan so'ng, bir korxona atrofida boshqa yetkazib berish zanjirini shakllantirish bo'yicha rejalar qilingan. Ilk bosqichda bunday texnoparklarni Toshkent, Samarqand, Farg'ona viloyatlarida qurishga e'tibor qaratilyapti.
Hozirda Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida ixtisoslashtirilgan industrial texnoparkni qurish rejalashtirilgan. Xorijiy tajribadan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, mazkur industrial texnoparkning tashkil etilishi, nafaqat Toshkent viloyati uchun, balki respublika iqtisodiyoti, umuman elektrotexnika sanoati korxonalari faoliyatida katta burilish yasaydi.
“Investitsiya — iqtisodiyotning yuragi”
Yana bir jihat, barcha sohalar qatori elektrotexnika sanoatida ham investitsiyalar ulushi oshib boryapti. Mazkur yo'nalishda 2016-yilda o'zlashtirilgan investitsiya hajmi bor-yo'g'i 80,7 million dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2021-yil yakuni bilan qariyb 143 million dollarga yaqin mablag' o'zlashtirilishi belgilangan. Yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan 45 ta investitsion loyihaning 31 tasi to'liq faoliyat boshladi. Bu esa yangi eksport imkoniyatlari va ish o'rinlari yaratilishiga asos bo'ladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz yirik shartnomalar tuzish imkoniyatini qo'lga kiritadi.
Joriy yil Navoiy viloyatida ishga tushirilgan yirik loyiha – Quyosh fotoelektr stantsiyasi ham elektrotexnika sanoati korxonalari uchun muhim ahamiyatga ega. Loyiha doirasida 110 million dollar investitsiya o'zlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari o'rnatilgan. Bu yiliga 252 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bug'lanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi. 2030-yilga borib, quyosh elektr stantsiyalari quvvatini kamida 5 ming, shamol elektr stantsiyalarinikini esa 3 ming megavattga etkazish reja qilinmoqda.
Bunday yirik loyihalar nafaqat iqtisodiyotimiz, balki elektrotexnika sanoati korxonalari uchun ham mahalliylashtirish yo'nalishida katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Shu kabi ob'ektlarning qurilish jarayonida mahalliy korxonalarimiz kooperatsiya asosida bir qator elektrotexnika jihozlari, zarur ehtiyot qismlarini yetkazib bermoqda.
— Investitsiya — bu iqtisodiyotning “yuragi”. Xususan, elektrotexnika sanoatiga ham kiritilayotgan har bir sarmoya va ularning salmog'i yuqori natijalarni kafolatlaydi, — deydi Mirziyod Yunusov. — Keling, fikrimizni yangi amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan davom ettirsak. Birgina joriy yil yakuniga qadar qariyb 143 million dollarlik investitsiya o'zlashtirilishi evaziga tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 17 trillion so'mga yetkazishni oldimizga maqsad qilib qo'yganmiz. Hozirgi paytda sohada yangi investitsiya loyihalari va istiqbolli yo'nalishlar ustida ish olib borilyapti. Bu “elektronika va avtomatika”, “Yashil energetika” hamda shunga o'xshash bir qator yo'nalishlarni o'z ichiga oladi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida 3010 ta yangi ish o'rni yaratiladi.
Sifatli va talabgir mahsulot doim o'z xaridorini topadi. Tadbirkorlar orasida elektrotexnika sanoatiga qiziqish ortib borayotgani boisi ham shundan. Ayni vaqtga kelib, “O'zeltexsanoat” uyushmasi korxonalari va boshqa tarmoq korxonalari o'rtasida “Cooperation.uz” elektron portali orqali 880,3 milliard so'mlik mahsulotlar xarid qilinishi va sotilishi amalga oshirilgan. Ular muntazam o'tkazib kelinayotgan “Sanoat yarmarkasi” va kooperatsiya birjalarida ham faol qatnashib, boshqa tarmoq korxonalari bilan qiymati 25 milliard so'mdan ortiq shartnomalar imzolanishiga erishilgan.
Bir so'z bilan aytganda, mamlakat iqtisodiyotining muhim drayveri hisoblangan elektrotexnika sanoati tez va jadallik bilan rivojlanish bosqichidan boryapti. Bu, o'z navbatida, sohaga yangi investitsiya loyihalarini joriy etish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, yangi ish joylari yaratish va milliy mahsulotlarimizning xalqaro bozorlarda raqobatbardosh bo'lishida keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Iroda Toshmatova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri.









