Har ikki yigʻilishda ham bugungi kunning ustuvor vazifasi — yoshlar bandligi va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha muhim topshiriqlar berildi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari bugungi kun yoshlari koʻp sohada bizdan 10, 20-marta ilgarilab ketgani, ularga munosib ravishda harakat qilish, muammolarini hal etish uchun har kuni ishlash kerakligini alohida qayd etib oʻtdi. Darhaqiqat, bugungi yoshlar jahon miqyosida erishilayotgan yutuqlardan xabardor, axborot asrining faol vakillaridir. Modomiki shunday ekan, ularning ilmiy-ijodiy faoliyati, oʻquv-tarbiyaviy ishlari, ayniqsa, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi faolligi mutasaddi idoralar tomonidan muntazam eʼtiborda boʻlishi va ragʻbatlantirilishi zarur.

Jamiyatda uyushmagan, yaʼni muqim ish oʻrniga ega boʻlmagan va oʻqishini oliy taʼlimda davom ettira olmagan yoshlar talay. Bugungi kunda “Yoshlar daftari”ga respublika boʻyicha 648 ming nafar ishsiz yoshlar kiritilgan. Shu yilning birinchi choragida ularning 283 ming nafari bandligi taʼminlangan. Taʼkidlanganidek, 175 ming nafar yoshga 45 ming gektar yer maydoni ajratilgan, 76 ming nafar yosh doimiy va jamoat ishlariga joylashtirilgan, 33 ming nafar yoshlarga tadbirkorlik faoliyati uchun 800 millard soʻm kredit, 6 ming nafariga subsidiya ajratilib, bandligiga koʻmaklashilgan, 36 mingta toʻgarak tashkil etilib, ularga 874 ming nafarga yaqin yoshlar jalb etilgan.

Bular, albatta, muhim raqam va koʻrsatkichlar. Agar bir nafar yosh tadbirkorlikni samarali yoʻlga qoʻya olsa, nafaqat oʻzi, oilasi, yaqinlari, balki yangi ish oʻrni yaratilishi natijasida bir necha boshqa oilalarning ham turmush darajasi yaxshilanadi. Buning uchun ularga beriladigan har qanday koʻmak, oʻz navbatida, qanchadan-qancha oʻsib kelayotgan yoshlarning xalqi va vataniga boʻlgan muhabbat tuygʻusini oshiradi.

1-iyundan boshlab “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga va Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish, bir oylik harbiy xizmatni oʻtash xarajatlari byudjetdan toʻlab berilishi, ayniqsa, ota-ona mehridan mahrum boʻlgan yoshlar uchun muruvvat va ragʻbat namunasidir.

Yoshlar hayotiga daxldor uzoq yillardan buyon saqlanib kelinayotgan talay muammolar borligi sir emas. Ana shulardan biri aksariyat talabalarning ijarada yashayotgani masalasidir. Maʼlumki, oliy taʼlimga qabul kvotalari muntazam oshib, talaba yoshlar soni keskin ortdi. Bu esa, oʻz navbatida, shu paytgacha toʻliq bartaraf etilmagan yotoqxonalar yetishmasligi muammosini yana-da oshirdi. Ayni paytda 130 ming nafardan ortiq talaba ijarada yashayapti. Shu bois davlatimiz rahbari yigʻilishda hozirda mazkur muammoni hal etishga qaratilgan Hukumat dasturi tayyorlanayotgani, shu yilning 1-mayidan boshlab ijara toʻlovining yarmi, yaʼni 50 foizi davlat tomonidan qoplab berilishini maʼlum qildi. Yana bir quvonchli xabar shundan iboratki, talabalarga yotoqxonalar qurish uchun 4,4 trillion soʻm mablagʻ ajratilishi taʼkidlandi.

Yoshlar bandligini taʼminlash masalasida tadbirkorlik subyektlariga ham imtiyozlar belgilanmoqda. Masalan, joriy yilning 1-mayidan yoshlarni ishga qabul qilgan korxonaga ular uchun toʻlanadigan ijtimoiy soliq qaytarib berilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, 1-maydan boshlab yoshlar agar tadbirkorlik qilish uchun kerakli asbob-uskunalar xarid qilmochi boʻlsa, ularga 10 million soʻmgacha subsidiya beriladi, ijaraga bino olib, oʻz biznesini boshlayotganlarga bir yillik ijara summasining 30 foizgacha boʻlgan qismi qoplab beriladi.

Maʼlum qilinishicha, bugungi kunda mamlakat boʻyicha 120 ta IT markazini 4 mingga yaqin “Yoshlar daftari”ga kirgan yigit-qizlar tamomlab chiqqan. Bunday yoshlar kelgusida biznes boshlashi uchun, tabiiyki, kompyuterlar kerak boʻladi. Shu bois “1 million dasturchi” loyihasi doirasida sertifikat olgan yoshlarga kompyuterlar xarid qilishi uchun “Mikrokreditbank”, “Aloqabank” va Xalq bankidan kreditlar ajratilishi, bank foizi toʻliq byudjetdan qoplab berilishi maʼlum qilindi.

Jamiyatda yoshlar borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar ularni befarq qoldirmasligi shubhasiz. Ular oʻzlarining jamiyatda bugungi kunda tutayotgan oʻrnini, yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarni chuqur his qilmoqda va tushunib yetmoqda. Davlat tomonidan yoshlarga qaratilayotgan bunday eʼtibor va ragʻbat, albatta, oʻzining samarasini beradi. Zero, eng yaxshi sarmoya bu — kelajakka qilingan sarmoyadir.

Ahror HOSHIMXONOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti

yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor