Kuni kecha Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Kasaba uyushmasi Federatsiyasi hamda Ish beruvchilar konfederatsiyasi hamkorligida yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarga, shu jumladan, xotin-qizlarga “Munosib mehnat sharoitlarini yaratish – ish beruvchining burchi” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy boʻlinmalari, Yengil sanoat va charm sanoati korxonalari rahbarlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari raislari onlayn ishtirok etdi.
Yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ularning mehnatiga munosib ish haqi toʻlash, mehnatni muhofaza qilish, mehnat munosabatlari bilan bogʻliq masalalarda ish beruvchilarning masʼuliyatini oshirishga doir tavsiyalar berildi.
Seminar davomida ish beruvchilar standart ishlab chiqarishda joriy etilishi zarur boʻlgan barcha meʼyoriy hujjatlar bilan tanishtirildi va ishtirokchilarga tegishli maslahatlar berildi.
Shuningdek, Mehnat bozori tadqiqotlari institutining “Mehnat sharoitlari boʻyicha ish oʻrinlari attestatsiyasi – mehnat xavfsizligi va ijtimoiy himoya” mavzusida taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda tadbirkorlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi va qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.