Bugun Ispaniya milliy jamoasi jahon chempionatining 1/8 finalida Marokashga qarshi maydonga tushadi. Mutaxassislar bahsda ispanlarning imkoniyatlari yuqoriroq ekanligini taʼkidlashmoqda.

Ushbu masʼuliyatli uchrashuv arafasida Marca nashri “qizil furiya”lar bosh murabbiyi Luis Enrike JCH-2022dan keyin oʻz lavozimini tark etishi haqida xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, Ispaniya termasi chempionatda qanday natija qayd etishidan qatʼi nazar, Luis turnirdan keyin milliy jamoa bilan xayrlashadi. Uning oʻrniga Marselino Toral ish boshlashi kutilmoqda. Marselino shu paytga qadar “Sevilya”, “Valensiya”, “Vilyarreal” va “Atletik” Bilbao klublarida faoliyat yuritgan.

Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, Enrike 2019-yildan buyon Ispaniya milliy jamoasini boshqarmoqda. Uning qoʻl ostida jamoa Yevro-2020da yarimfinalga qadar yetib borgan.