Jahonda yuz berayotgan global ekologik ziddiyatli jarayonlar - iqlim oʻzgarishi, choʻllanish, biologik xilma-xillikning qisqarib borishi, atmosfera havosi va suv manbalarining ifloslanishi, chiqindilar bilan bogʻliq muammolar yerga va butun atrof tabiiy muhitga zarar yetkazmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu global ekologik muammolar natijasida dunyo boʻyicha yiliga oʻrtacha 6-7 million gektar maydon qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun yaroqsiz holga kelmoqda, sugʻoriladigan yerlarning deyarli 40 foizi turli darajada shoʻrlangan.
Bu muammolarga insoniyatning eʼtiborini qaratish maqsadida BMT bosh assambleyasi 2009-yilda 22-aprelni xalqaro yer kuni deb eʼlon qildi. Shu kuni turli mamlakatlarda tinchlik qoʻngʻirogʻi jaranglab, insoniyatni sayyoramiz yagonaligini his etish, dunyoda xavfsizlikni taʼminlash, tinchlikni saqlash va yagona uyimiz hisoblangan yerni himoya qilishga chorlaydi.
Yer resurslari mamlakatimiz uchun ham muhim manba hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida intensiv foydalaniladigan yerlar, asosan, sugʻoriladigan maydonlar 4,2 million gektarga teng boʻlib, ushbu yerlarda yalpi qishloq xoʻjalik mahsulotlarining 95 foizidan oshiqrogʻi yetishtirilmoqda.
Yurtimizda soʻnggi yillarda yer resurslarini asrash, undan samarali foydalanish borasida keng koʻlamli islohotlar olib borilayotgani diqqatga sazovordir. Jumladan, Oʻzbekiston dunyo hamjamiyatining Choʻllanishga qarshi kurash, Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi va Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiyaning teng huquqli ishtirokchisidir. Bugungi kunda ushbu konvensiyalarning koʻplab majburiyatlari bajarilishini taʼminlash maqsadida hukumat tomonidan bir qator muhim strategik dasturlar amalga oshirilmoqda.
Amaliy ishlar bilan bir qatorda yurtimizda ushbu sohada huquqiy asoslar ham yana-da mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat yer kadastri toʻgʻrisida”gi qonunlarning takomillashtirilishi, Prezident farmonlari va hukumatning bir qator qarorlari shular jumlasidandir.
Oʻzbekiston Respublikasida tabiiy resurslarga, xususan, yerga nisbatan mulkiy munosabatlarni belgilashda qonunchilikka bir qancha yangiliklar kiritildi. “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, yerga nisbatan mulk daxlsizligi borasida bir qancha oʻzgarishlar boʻldi. Yer tabiiy resurslar ichida oʻziga xos alohida huquqiy maqomga ega boʻlib, mavjud barcha tabiiy resurslardan foydalanishni huquqiy tartibga solish masalalari bevosita yer bilan bogʻliq huquqiy normalarga borib taqaladi. Shu jihatlar eʼtiborga olinib, yerdan foydalanishning bozor sharoitiga mos keluvchi yangi shakllari joriy qilindi hamda bu jarayon muntazam takomillashib bormoqda. Xususan, dastavval yerga nisbatan ashyoviy huquqlar mahalliy hokimiyat organlari tomonidan sotila boshlangan boʻlsa, keyinchalik yer uchastkalarining oʻzi savdo va xizmat koʻrsatish maqsadlarida xususiylashtirila boshlandi. Endilikda fuqarolarning uy-joylari joylashgan hamda ularga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalari, yuridik shaxslarning bino-inshootlari bilan band boʻlgan va ularning doimiy foydalanish huquqida boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish nazarda tutildi.
Davlatimiz rahbari 2020-yil 15-oktyabrda kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Yer kodeksi” loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan edi. Ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida mazkur loyihaning dastlabki varianti ishlab chiqildi. Ushbu loyihadagi yangiliklardan biri - yer uchastkalarini berish va sotish masalalari hamda yer berish maqsadlariga koʻra, ularni toifalash aniq meʼyorlar bilan boyitiladi. Bundan tashqari, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini, shuningdek, xususiy mulk huquqining bekor boʻlishi masalalari ham loyihada alohida eʼtiborga olingan.
Amaldagi hujjatda yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qiluvchilar va mulkdorlarining huquqlari bir moddada aks ettirilgan boʻlsa, yangi tahrirdagi loyihada esa ular alohida-alohida yoritiladi. Shuningdek, loyihada tuproq unumdorligini saqlash, tiklash hamda oshirish chora-tadbirlari boʻyicha qator yangi meʼyorlar kiritilmoqda. Loyihaning hayotga tatbiq qilinishi yerlardan berilgan maqsadga koʻra oqilona va samarali foydalanishni teng huquqlilik asosida rivojlantirish, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini himoya qilish, yerga boʻlgan mulkchilik munosabatlarini tartibga solishning mustahkam huquqiy asosi yaratiladi.
Eng muhimi, tuproq unumdorligini tiklash, saqlash va oshirish boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlarning samarasi oshadi. Yerlardan samarali foydalanish, yangi innovatsion texnologiyalarni qoʻllash orqali sugʻoriladigan yerlarni koʻpaytirish, daromadning oshishi hamda koʻplab fuqarolarni ish oʻrinlari bilan taʼminlashga erishiladi.
Bu boradagi huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida hayotda tatbiq etish, atrof-muhitni muhofazalash borasidagi ishlarni xalqaro andozalar darajasida tashkil etish uchun aholiga va tadbirkorlarga bu hujjatlarning maqsad-mohiyatini chuqur tushuntirish, ekologik targʻibot-tashviqot tadbirlarini yana-da kuchaytirish zarur. Bu ishlar aholining yer resurslariga boʻlgan munosabatini, dehqon va fermer xoʻjaliklarida esa yerdan samarali foydalanish, ularni muhofaza qilishga boʻlgan masʼuliyatni yana-da oshirishga xizmat qiladi. Pirovardida, har bir insonda tabiatga ehtiyotkor munosabatda boʻlish, uning har bir neʼmatidan oqilona foydalanish hissi kuchayadi. Bu esa tabiat bilan uygʻun yashash va barqaror rivojlanishga xizmat qiladi.
Nosirjon AMINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati