Kattaqoʻrgʻonlik dehqonlar kelgusi yil qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan moʻl hosil yetishtirish uchun taraddudni boshlab yuborgan. Gap shundaki, tumanning qaysi hududiga qaramang, yer bilan tillashayotgan fermer, klaster korxonasi yoki dehqon xoʻjaligi rahbari boʻlsin kuzgi shudgorlash ishlarini maromiga yetkazib, sifatli tashkil etishga alohida ahamiyat beryapti.
Kuzgi muhim agrotexnik tadbirlar “Oʻzagroinspeksiya”ning Kattaqoʻrgʻon tuman boʻlimi tomonidan jiddiy nazorat qilinadi,deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.
— Kattaqoʻrgʻon tumanida 14 ming gektar maydonda 2022-yil paxta hosilini yetishtirish uchun shudgorlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan, — dedi “Oʻzagroinspeksiya”ning Kattaqoʻrgʻon tumani boʻlimi boshligʻi Nurali Namozov. — Bugungi kunda tuman agroinspeksiya boʻlimi tomonidan ushbu shudgorlash ishlarini sifati hamda texnika taʼminotining holati va sozligi boʻyicha doimiy monitoring tadbirlari oʻtkazilyapti. Sifatsiz shudgorlash ishlari yuzasidan aniqlangan qonunbuzilish holatlariga nisbatan joyida tavsiyalar berilib, kamchiliklar bartaraf etilyapti. Darhaqiqat, shudgorlash ishlariga jami 81 ta haydov traktorlari jalb qilingan boʻlib, bularning 35 tasi yuqori unumli traktorlar hisoblanadi. Ushbu texnikalar bir kunda 500-600 gektar maydonda sifatli tarzda shudgorlash ishlarini amalga oshiryapti.