Soʻnggi yillarda respublikada yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, ularni muhofaza qilish, yangi yerlarni oʻzlashtirish hamda qayta muomalaga kiritish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, hududlarda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, jumladan, noqonuniy qurilmalar qurish, shuningdek, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash holatlari uchrayotganligi bu borada raqamli texnologiyalardan keng foydalanish orqali yagona nazorat tizimini joriy etish hamda vakolatli idoralar oʻrtasida hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Yer uchastkalaridan samarali foydalanish tizimini yoʻlga qoʻyish, yerlar, ayniqsa, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar talon-toroj qilinishining oldini olish, mazkur jarayonlarga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish orqali sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6243-son farmonida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:
1. Yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida prokuratura organlari zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
yer uchastkalarini ajratish, yangi yerlarni oʻzlashtirish hamda qishloq xoʻjaligi muomalasiga kiritish bilan bogʻliq respublika va mahalliy dasturlarda belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq ijro etilishi yuzasidan muntazam nazorat oʻrnatish;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va moʻljallanmagan yer uchastkalarini ajratishda Yer kodeksida belgilangan talablarga rioya qilinishini taʼminlash yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron – “E-qaror” tizimini (keyingi oʻrinlarda – “E-qaror” elektron tizimi) doimiy ravishda monitoring qilish hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlmagan qarorlarga nisbatan taʼsir choralarini koʻrib borish;
yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlarini barvaqt aniqlash hamda huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligi taʼminlanishi ustidan qatʼiy prokuror nazoratini oʻrnatish;
yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ahvolini muntazam oʻrganib borish, sohada huquqni qoʻllashning yagona amaliyotini shakllantirish;
ilgʻor xorijiy tajriba asosida yerdan oqilona foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlash;
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek, sohaga yoʻnaltirilayotgan tegishli byudjetdan tashqari mablagʻlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari maqsadli sarflanishini oʻrganib borish.
2. Prokuratura organlari zimmasiga yuklangan qoʻshimcha vazifalar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Bosh prokuratura tarkibida 8 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda – Boshqarma), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida esa umumiy soni 56 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda – boʻlimlar) tashkil etilsin.
Yangi tashkil etilayotgan Boshqarma va boʻlimlar prokuratura organlarining 32 ta, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimining 15 ta, Suv xoʻjaligi vazirligi tizimining 7 ta, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining 10 ta shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan shakllantirilsin.
Boshqarma va boʻlimlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son farmoni bilan yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha Bosh prokuratura va hududiy prokuraturalarga yuklatilgan vazifalarning ijro etib borilishini tashkillashtirsin.
3. Yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022-yil 1-martdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) aholi va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari boʻyicha Bosh prokuratura (1007 qisqa raqami) va Kadastr agentligiga (1097 qisqa raqami) yuborilgan fotosurat va videoyozuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;
b) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchilariga (keyingi oʻrinlarda – hokim yordamchilari) oʻz hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga soʻrov yuborish huquqi beriladi, bunda:
mazkur soʻrovlar 5 ish kunida majburiy tartibda koʻrib chiqilib, qurilishi boshlangan bino va inshootlarga ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etiladi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari soʻrovlar asosida olingan maʼlumotlarni oʻz binosida barcha fuqarolar uchun koʻrinarli boʻlgan joyda joylashtiradi hamda aniqlangan noqonuniy holatlar boʻyicha maʼlumotlarni bir kunlik muddatda yer sohasida nazoratni amalga oshiruvchi organlarga taqdim etadi.
Kadastr agentligi ikki oy muddatda Yer kodeksining 84-moddasida nazarda tutilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash va noqonuniy foydalanish boʻyicha xabar bergan shaxslarni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish tartibini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
4. Belgilansinki, yerga oid huquqbuzarliklarning monitoringini yuritish boʻyicha yaratilgan “Ye-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda – “Ye-YER NAZORAT” tizimi) takomillashtirish maqsadida:
“Ye-YER NAZORAT” tizimiga yerga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida kiritish va huquqbuzarlik ishlarini koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida maʼlumotlarni joylashtirish uchun Kadastr agentligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Majburiy ijro byurosi va ularning hududiy boʻlinmalari hamda tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari masʼul hisoblanadi;
“Ye-YER NAZORAT” tizimida yer uchastkalari bilan bogʻliq sodir etilgan jinoyatlar boʻyicha maʼlumotlar xaritasi alohida yuritiladi.
Kadastr agentligi Bosh prokuratura va boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda bir oy muddatda “Ye-YER NAZORAT” tizimiga qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari haqidagi maʼlumotlarni kiritish tartibini belgilasin.
5. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yer munosabatlariga doir hujjatlari qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini taʼminlash maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra tashkil etilayotgan Boshqarma Adliya vazirligi bilan birgalikda:
“E-qaror” elektron tizimi orqali mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yer munosabatlariga doir hujjatlarini doimiy ravishda monitoring qilib boradi;
monitoring natijalariga koʻra qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlmagan qarorlar yuzasidan darhol prokuror nazorati taʼsir choralari qoʻllanilishini taʼminlaydi.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ:
uch oy muddatda oʻz tizimidagi korxona va tashkilotlarga tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xatlovdan oʻtkazsin hamda keyinchalik doimiy ravishda yer uchastkalaridan samarali foydalanilishini oʻrganib borsin;
har chorakda oʻziga tegishli boʻlgan yer uchastkalarini muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar hamda aniqlangan noqonuniy holatlar boʻyicha maʼlumotlarni Bosh prokuraturaga taqdim etib borsin.
Mazkur bandda nazarda tutilgan vazirlik va idoralar rahbarlariga biriktirilgan yer uchastkalaridan maqsadli va oqilona foydalanilishi hamda ular talon-toroj qilinishining oldini olish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklatilsin.
7. “Oʻzbekkosmos” agentligi Kadastr agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar sinov tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek va Yunusobod tumanlari hamda Toshkent viloyatining Qibray va Toshkent tumanlarida oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini hamda noqonuniy bino va inshootlarni kosmik suratlarni qayta ishlash orqali aniqlash choralarini koʻrsin.
Vazirlik va idoralar “Oʻzbekkosmos” agentligi soʻroviga asosan unga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotlarning belgilangan tartibda taqdim etilishini taʼminlasin.
Bunda kosmik suratlarni olish va ularni qayta ishlash bilan bogʻliq xarajatlar “Oʻzbekkosmos” agentligi va Kadastr agentligining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
“Oʻzbekkosmos” agentligi Kadastr agentligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda oʻtkazilgan sinov natijalaridan kelib chiqib, ushbu amaliyotni respublikaning butun hududida joriy etish yuzasidan takliflarni 2023-yil 1-martga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari oʻzlarining yuridik xizmatlari, hududiy adliya va prokuratura organlari bilan birgalikda mahalliy vakillik va ijroiya hokimiyati organlarining yer uchastkalari berish haqidagi qarorlarini quyidagi grafik asosida xatlovdan oʻtkazib, ularning elektron nusxalarini yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash uchun tuman (shahar) sektor rahbarlari hamda hokim yordamchilariga taqdim etilishini taʼminlasin:
2022-yil 1-mayga qadar – 2016-2021-yillarda qabul qilingan qarorlar;
2022-yil 1-avgustga qadar – 2006-2015-yillarda qabul qilingan qarorlar;
2023-yil 1-yanvarga qadar – 2006-yilgacha qabul qilingan qarorlar.
“Oʻzarxiv” agentligi hududiy adliya va prokuratura organlari bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar davlat arxivlari saqloviga berilgan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining yer uchastkalari berish toʻgʻrisidagi qarorlari, kolxozlar aʼzolarining umumiy majlislari bayonnomalari, sovxozlar va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining buyruqlarini xatlovdan oʻtkazib, ularning elektron nusxalarini muntazam ravishda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash uchun tuman (shahar) sektor rahbarlari hamda hokim yordamchilariga taqdim etilishini taʼminlasin.
Hokim yordamchilari xatlov natijasida aniqlangan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishida fuqarolarga faol amaliy yordam koʻrsatsin.
9. Yer kodeksining 831-moddasida yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish hisoblanmasligi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, yer uchastkalaridan maqsadli va oqilona foydalanilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish maqsadida:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi ekin yerlaridan oqilona va samarali foydalanilishi, rejadagi ekinlarning ekilishi va parvarishlanishi ahvoli boʻyicha har chorakda kamida bir marotaba monitoring oʻtkazsin;
Kadastr agentligi yer toifasidan qatʼi nazar barcha turdagi yer uchastkalari hamda bino-inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazmaslik holatlarini aniqlash, yer uchastkalarining oʻzboshimchalik bilan egallab olinishiga va chegaralarini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrsin, yerdan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazoratini kuchaytirsin.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Kadastr agentligi amalga oshirilgan ishlar natijasi haqida har chorak yakunidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuraturaga axborot berib borsin.
10. Yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlarini aniqlash yuzasidan tezkor-qidiruv faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tarkibida Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlimi, hududiy tezkor-qidiruv xizmatlarida esa Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlinmalari tashkil etilsin.
Yangi tashkil etilayotgan tuzilmalar 73 ta shtat birligidan iborat boʻlib, ular ichki ishlar organlarining 30 ta, adliya organlari va muassasalarining 43 ta shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan shakllantirilsin.
11. Belgilansinki:
prokuratura va ichki ishlar organlari tizimida yangi tashkil etilayotgan tuzilmalarga oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligining uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)dan, zaruratga koʻra, toʻlovsiz foydalanish huquqi beriladi;
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tarkibidagi Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlimi va uning hududiy boʻlinmalarining yer munosabatlariga oid jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish prokuratura organlarining mazkur qaror bilan tashkil etilayotgan boshqarma va boʻlimlari zimmasiga yuklatiladi.
Kadastr agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda prokuratura va ichki ishlar organlari tizimida yangi tashkil etilayotgan tuzilmalarga koʻchmas mulk obyektlari, ularning mulkdorlari va egalik tarixi haqida maʼlumotlarni Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning Davlat reyestridan onlayn olish imkoniyatini yaratsin.
12. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tashabbusi bilan aniqlangan yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlari boʻyicha davlat manfaatlariga yetkazilgan zararlarni belgilangan tartibda undirishdan tushgan mablagʻlarning 10 foizi tegishincha mazkur organlarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalariga oʻtkazib borilsin.
Prokuratura va ichki ishlar organlarining yangi tashkil etilayotgan tarkibiy tuzilmalari xodimlarini ularga yuklatilgan vazifalardan tashqari boshqa ishlarga jalb qilish qatʼiy taqiqlansin.
13. Oliy sud:
2022-yil 1-aprelga qadar yer uchastkalarida oʻzboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni buzish bilan bogʻliq ishlarni koʻrish amaliyotini umumlashtirib, bu toifadagi ishlarni koʻrishda yagona amaliyotni shakllantirish boʻyicha sudlarga zaruriy tavsiyalarni bersin;
2022-yil 1-iyulga qadar mulk huquqi eʼtirof etilmagan koʻchmas mulk obyektlari bilan bogʻliq holatlarni batafsil oʻrganish ishlarini tashkil etsin hamda natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflarni kiritsin.
14. Bosh prokuratura manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
15. Bosh prokuratura mazkur qaror talablaridan kelib chiqib bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarining tashkiliy-shtat tuzilmalarini tasdiqlasin.
Moliya vazirligi Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda tegishincha Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari hamda ichki ishlar organlarining xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga oʻzgartirishlar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh prokuror N.T.Yoʻldoshev, ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov, qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev va Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.D.Kudbiyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2022-yil 21-fevral