Yer resurslari respublikamizning milliy boyligi hisoblanadi.  Davlat tomonidan yer bilan bog'liq o'tkazilayotgan tadbirlar qanchalik to'g'ri va oqilona tashkil etilsa, yer maydonilaridan foydalanish va umuman iqtisodiyotning rivojlanishi shunchalik yuqori bo'ladi.

Shu jihatdan ham yerdan to'g'ri foydalanishni tashkil etishga yo'naltirilgan davlat yer kadastri, yer huquqi, yer solig'i, yer tuzish, yer monitoringi, yerlardan foydalanishni davlat nazoratini o'rnatish doimo dolzarb bo'lib kelgan.   

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yilning 16 avgustida “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi   Qonun imzolandi.

Mazkur qonunga ko'ra, yer uchastkalarini o'zboshimchalik bilan egallab olish, mazkur yer uchastkalari va unga tutash hududlar hamda ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo'lmagan uchastkalarda qurilish ishlarini amalga oshirganlik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobaridan 150 barobarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 barobardan 300 barobargacha jarima solinishiga sabab bo'ladi. Endilikda sug'oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o'zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun ham to'g'ridan-to'g'ri jinoiy javobgarlik (2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) belgilandi.

Shuningdek, jinoyat kodeksiga yangi kiritilgan 2296-moddasida sug'oriladigan yer uchastkalarini sotganlik yoki uni noqonuniy tarzda o'zga shaxsga berganlik uchun javobgarlik belgilangan bo'lib, sug'oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo'lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o'zga shaxsga berish  bazaviy hisoblash miqdorining 400 barobaridan 500 barobarigacha jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agarda o'sha qonun buzilishi jazoni og'irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan bo'lsa, sakkiz yildan o'n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilab qo'yildi.

Bundan tashqari, mazkur qonun bilan yer munosabatlariga oid qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.

Toshkent viloyatida yer bilan bog'liq qonunbuzulish holatlarini bartaraf etish uchun hokimiyatlarga 16 ta ogohnoma, 24 ta taqdimnoma, noqonuniy qarorlarni bekor qilish yuzasidan sudlarga 10 ta arizalar kiritildi. Shuningdek, Xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashiga quyi turuvchi tuman (shahar) kengash qarorlarini bekor qilish uchun 4 ta taqdimnoma kiritilib, Kengashlar qarorlari bekor qilishga erishildi.

Bugun mamlakatimiz aholisining qariyb 16,4 millioni (jami aholining 49,4 foizi) qishloq hududlarida istiqomat qiladi. Ularning ish bilan bandligi, hayot tarzi va turmush kechirishi esa yer bilan bog'liq. Yerdan oqilona foydalanish, yer to'g'risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilish, vujudga kelayotgan qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish  aholining hayot tarzini yaxshilashga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qiladi.

Kamoliddin Dastamov,

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi

yetakchi maslahatchisi