Bugun Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida gʻalladan boʻshayotgan 5 ming 626 gektar yer maydonining 5 ming 300 gektariga, suv ehtiyojidan kelib chiqib, takroriy ekinlar ekish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Oʻtgan mavsumda tumandagi “Qurbonboy Choriyev” fermer xoʻjaligi 21 gektar maydondagi paxtani yetishtirishda egiluvchan quvurlardan foydalanib, yaxshi samaraga erishdi. Paxta naqd 8 marotaba sugʻorilgan boʻlsa-da, buning uchun bor-yoʻgʻi 17 ming 300 kub metr suv sarflandi.
— Yer maydonlari anʼanaviy usulda sugʻorilganda oʻrtadan oʻqariqlar qazilishi tufayli anchagina gʻoʻza nihollari nobud boʻladi, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Erkin Choriyev. — Egiluvchan quvurlardan foydalanganda esa oʻqariqlarga umuman hojat qolmaydi. Hisob-kitoblarimizga koʻra, oʻqariqlar olinmasligi tufayli uch gektar maydondagi gʻoʻza nobud boʻlishdan asrab qolindi. Bundan tashqari, ilgari 4 nafar suvchi bajargan ishni endi bir kishi uddalayapti. Tomchilatib sugʻorishda suv ham, mineral oʻgʻit ham isrof boʻlmasdan, toʻgʻri niholning ildizigacha yetib boradi. Natijada suv taqchil boʻlgan yilda ham gʻoʻza juda yaxshi rivojlanadi.
Oʻtgan yilning 27-aprelida Qorakoʻl tumanida roʻy bergan tabiiy ofat tufayli fermer xoʻjaliklari yerga chigitni uch martagacha takror ekishga majbur boʻlganiga qaramay, davlat shartnoma rejasini toʻliq bajargan va sof foyda olishga erishgan edi. Bunda ekinni tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyilgani muhim ahamiyat kasb etgandi.
Shuni inobatga olib, joriy mavsumda tumanda innovatsion usulda tomchilatib sugʻoriladigan maydonlar yana-da kengaytirildi. Bu suv sarfini 35 foiz, uning sarfi uchun ajratilgan mablagʻni 20 million soʻmgacha tejash imkonini beradi. Qolaversa, hosildorlik yana-da oshishiga zamin yaratadi.
“Merganteks” paxta-toʻqimachilik klasteri tumandagi 160 ta fermer xoʻjaligiga qarashli 8 ming gektar ekin maydoniga ega. Joriy yilda 50 ta fermer xoʻjaligining 1 ming 200 gektar yerida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etildi.
Klaster rahbari Ibrohim Hamroyevning aytishicha, shu kunga qadar suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish maqsadida 100 ta hovuz qazilib, ularga 50 ta membrana oʻrnatilgan.
Taʼkidlash joizki, mazkur klaster yerlarida 32 kilometr uzunlikda elektr tarmoqlari tortilib, trasformator stansiyalari barpo etildi. Quruq iqlim va suv resurslari cheklangan sharoitda suv resurslaridan oqilona, tejamkorlik bilan foydalanish borasida kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻrish uchun oldindan maqsadli rejalar tuzib qoʻyilgan.
“Sardor Bahodir paxtakor” fermer xoʻjaligi ham tumanda ilgʻor xoʻjaliklardan hisoblanadi. Gulchehra Roʻziqulova rahbarlik qilayotgan mazkur fermer xoʻjaligi joriy yilda 30 gektar yerda gʻalla parvarishlagan. Mavsum jarayonida 19 gektar maydondagi gʻalla oʻrib olinib, belgilangan shartnomaviy reja ortigʻi bilan bajarildi. Bugungi kunda gʻalladan boʻshagan yerlar somondan toʻliq tozalanib, shudgorlanmoqda va tariq ekilmoqda.
Rabbonqul MUXTOROV,
jurnalist