Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Koson tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar erkak avtomobiliga ayol kishini majburlab olib ketgani haqida videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan Koson tumani hokimligi maʼlumot berdi.
"Videodagi mashinaga majburan oʻtkazib olib ketilgan ayol 2000-yilda tugʻilgan M.A boʻlib chiqdi. Uning turmush oʻrtogʻi va qaynotasi uni Toshkentda koʻchada ushlab, kuch ishlatib, mashinaga solib, Koson tumanida birga yashagan xonadoniga olib kelgan.
Holat Koson tumani hokimligi oila va xotin-qizlar boʻlimi va Ichki ishlar boʻlimi nazoratiga olingan boʻlib, kecha mazkur oila vakillari bilan profilaktik suhbat oʻtkazildi. Shuningdek, fuqaro M.A. bilan oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari Ozoda Parpiboyeva shaxsan uchrashib, muloqot qildi. Hozirda ayoldan tushuntirish olingan va uning eri va qaynotasiga nisbatan tergov ishlari boshlangan.
Bundan tashqari, fuqaro M.A bilan suhbat oʻtkazilib, himoya orderi berilishi taʼminlandi va tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shuningdek, uning xonadoniga borib yashash sharoitlari oʻrganildi. Hozirda tergov ishlari davom etmoqda", deyiladi xabarda.