“Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasining 100-yilligi hamda “Vesti Karakalpakstana” gazetasining 105-yilligi nishonlandi

    Bugun Nukus shahrida katta tantana boʻlib oʻtdi: Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasining 100-yilligi hamda “Vesti Karakalpakstana” gazetasining 105-yilligiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy bayram shodiyonalari nishonlandi.

    Tadbir ishtirokchilari dastlab buyuk qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz Qoʻsiboy ugʻlining byustiga gul qoʻyib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

    Tantanali tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisining oʻrinbosari Rustam Saparboyev, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Koʻchimov, “Yangi Oʻzbekiston” – “Pravda vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, Oʻzbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov va boshqalar soʻzga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida eʼtiborni mamnuniyat bilan eʼtirof etdilar. Gazeta jamoasini unutilmas sana bilan qizgʻin tabrikladilar.

    Gazetaning yuz yillik shonli tarixini yaratgan, uni xalqchil minbarga va elu yurt hayotining koʻzgusiga aylantirgan ustozlar nomlari ehtirom bilan yodga olindi. Aziz murabbiylarning kasbga sadoqat, izlanib ishlash anʼanalarini shogirdlar davom ettirib kelmoqdalar, shu sababli gazeta bugun ham sevimli, qadrli.

    Oʻtgan davr mobaynida gazetaning nomi bir necha marta oʻzgardi, ammo uning mohiyati oʻzgarmadi, yaʼni mehnatkash, fidoyi, jasoratli qoraqalpoq xalqining kechagi, bugungi bunyodkorliklarini, kelajakka ishonchli qadamlarini eng tezkor, yorqin sahifalarda yoritmoqda.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpoq diyori, qoraqalpoq xalqiga alohida eʼtibori, gʻamxoʻrliklari xonadonlar turmush farovonligi ortib borayotganligida, shaharu qishloqlar obodligida, yoshlarning turli sohalarda erishayotgan yutuqlarida, jahonshumul muammolari yechim topib borayotgan Orolboʻyidagi yangilanishlarda aks etmoqda. Bu muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni, zamonamiz qahramonlari boʻlgan insonlar va ularning faoliyatini yoritish qalam ahliga, xususan, “Yerkin Qaraqalpaqstan” va “Vesti Karakalpakstana” gazetalari ijodiy jamoasiga oʻzgacha zavq, ilhom, iftixor bagʻishlaydi.

    Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan oʻtkazib kelinayotgan “Eng ulugʻ, eng aziz”, “Oltin qalam” kabi tanlovlarda gʻoliblar qatoridan joy olgan qoraqalpogʻistonlik bir qator jurnalistlarning qalami sayqallanib, oʻtkirlashib borishida bu gazetalarning xolis minbar sifatidagi ahamiyati beqiyosdir.

    Tadbirda bir guruh xodimlarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Prezidiumi qarori bilan faxriy unvonlar, koʻkrak nishonlari, shuningdek, esdalik sovgʻalari topshirildi. Jumladan, “Yerkin Qaraqalpaqstan”-“Vesti Karakalpakstana” gazetalari Bosh muharriri vazifasini bajaruvchi Q.Bayniyazov, “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasining masʼul kotibi S.Janiyev, “Vesti Karakalpakstana” gazetasi muxbiri A.Aminovalar “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist”, “Yerkin Qaraqalpaqstan”-“Vesti Karakalpakstana” gazetalari Bosh muharriri oʻrinbosari B.Qulatayev “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari bilan taqdirlandi.