Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini monitoring qilish tartibi belgilandi

    Agrosektor 4 Fevral 2023 1083

    Hukumat qarori (50-son, 02.02.2023-y.) bilan Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini monitoring qilish, baholash va hisobot shakllarini ishlab chiqish hamda ularning natijalarini chop etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, qishlok xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar, oʻrmon va suv fondi yerlari hamda togʻ-kon va boshqa sanoat korxonalariga ajratilgan yerlar – yer degradatsiyasiga qarshi kurashish hamda uning oldini olish jarayonlarini monitoring qilish obyekti hisoblanadi.

    Yerlar degradatsiyasi va unga qarshi kurashish tadbirlariga oid maʼlumotlar “Yer degradatsiyasi geoaxborot tizimi”ning elektron xaritasiga (qatlamlar va atributlar asosida) muntazam onlayn tarzda kiritib boriladi.

    Monitoring hamda tuproq tadqiqoti natijalariga koʻra yer maydonlari degradatsiyasi darajasi quyidagicha baholanadi:

    • yerning tuzilishi buzilmagan;
    • antropogen taʼsirda buzilgan;
    • degradatsiyaga uchramagan;
    • kuchsiz degradatsiyalangan;
    • oʻrta degradatsiyalangan;
    • kuchli degradatsiyalangan;
    • oʻta kuchli degradatsiyalangan.

    Monitoring natijalariga koʻra oʻrganilgan hududda degradatsiya holatlari aniqlangan taqdirda, 5 ish kunida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma loyihasi ishlab chiqiladi.

    Majburiy koʻrsatma 3 ish kunida tegishli masʼul vazirlik va idoralar yoki sanoat korxonalariga ijro uchun yuboriladi.