Ermitajda Oʻzbekistonning yosh fotosuratchilari asarlari namoyish etiladi

    Madaniyat 8 Fevral 2023 1529

    Poytaxt hokimligida Oʻzbekiston ijodkor yoshlarining Sankt-Peterburgda har yili oʻtkaziladigan “Madaniyatlar muloqoti” xalqaro media forumida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama etildi.

    Uchrashuvda Toshkent shahar Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sanjar Tojiyev va “Jurnalistlar hamdoʻstligi” mediakongressi raisi Ashot Jazoyan 2023-yil 19-21-may kunlari Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitajida boʻlib oʻtadigan XVII “Madaniyatlar muloqoti” xalqaro media forumida oʻzbekistonlik yosh fotosuratkashlar, hujjatli kinoijodkorlari va rejissyorlarining ishtirokini muhokama qildi.

    “Madaniyatlar muloqoti” xalqaro forumi 2004-yildan buyon Ermitaj muzeyida oʻtkazib kelinayotgan “Jurnalistlar hamdoʻstligi” mediakongressining eng yirik loyihasidir. Oʻtgan yillar davomida unda dunyoning 45 davlatidan 3 000 dan ortiq jurnalistlar ishtirok etdi. 2022-yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan XVI “Madaniyatlar muloqoti” forumi dunyoning 11 davlatidan ishtirokchilarni, jumladan, Oʻzbekistondan yosh muxbirlar, suratkashlar, blogerlar va operatorlarni birlashtirdi.

    Mazkur forum doirasida Ermitajning Bosh shtabida anʼanaviy tarzda “Men shu yerda yashayman” fotokoʻrgazmasi boʻlib oʻtadi. Unda turli mamlakatlar va mintaqalardan kelgan fotomuxbirlar asarlarida oʻzlari yashayotgan oʻlkalar va u yerdagi insonlar haqida hikoya qiladi.

    “Jurnalistlar hamdoʻstligi” mediakongressi raisi Ashot Jazoyan Toshkentdagi ijobiy oʻzgarishlar haqida gapirar ekan, “Oʻzbek milliy muhiti Ermitajdagi koʻrgazmamizda aks etishi kerak!”, — deya alohida taʼkidladi.

    Shuningdek, tomonlar oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va Toshkent shahrida jahonning yetakchi hujjatli kinoijodkorlari, foto ustalari va blogerlari ishtirokida qoʻshma media loyihalarni oʻtkazish istiqbollarini muhokama etdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.