Xitoylik olimlarning Nature Geoscience ilmiy jurnalida chop etgan maqolasi gʻarb matbuotida shov-shuvlarga sabab boʻlmoqda.
Xitoylik olimlar oʻz maqolasida zilzilalar natijasida hosil boʻlayotgan seysmik toʻlqin chastotalarini sinchkov tahlil etib, yerning ichki yadrosi soʻngi oʻn yil ichida deyarli oʻz aylanishini toʻxtatgani va hozirda teskari yoʻnalishda harakatlanishga oʻta boshlaganini taʼkidlashgan.
Olimlar 1990-yildan boshlab, yer plitalari toʻqnashish va chekinish zonalaridagi seysmik faol hududlarda noodatiy silkinish va soʻngan vulqon ogʻzidan vulqon otilib chiqayotgani, umuman yer oxirgi oʻn yillikda gʻayritabiiy hodisalarni boshidan oʻtkazayotganidan kelib chiqib, shu fikrga kelishdi. Ular mazkur jarayon global xarakterga ega ekanligi, yer yadro ichidagi aylanish oʻzgarayotganini taxmin qilishdi.
Mazkur maqoladan soʻng, gʻarbda yer yadrosining sayyorada sodir boʻlayotgan jarayonlarga taʼsiri toʻgʻrisida “qizgʻin bahs-munozaralar toʻlqini” avj oldi. The Washington Post gazetasida keltirilishicha, yer yadrosidagi oʻzgarishlar kun davomiyligi, magnit maydoni chastotasi va yer iqlimi oʻzgarishiga bevosita bogʻliq.
Geofizik olimlar 1990-yillar boshida yerning ichki yadrosi oʻz oʻqi atrofida boshqa barcha qatlamlarga qaraganda tezroq aylanishiga oid dalillarni topgan edilar. AQSH tadqiqotchilari esa yer ichki yadrosi aylanish tezligi siklik xarakterga ega ekanligi, u oʻz tezligini vaqti-vaqti bilan oʻzgartirib turishini aniqlaganlar. Ushbu siklik oʻzgarishlar Yer magnit maydon kuchi, kun davomiyligi, soʻngi oʻn yillikdagi iqlim oʻzgarish hodisalari bilan sinxron darajada mos tushadi.